IIV ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Kattaqo‘rg‘on shahrida bir ayolning tahqirlanishi bilan bog‘liq videodagi “salbiy holatlar” o‘z xodimi tomonidan sodir etilganini tan olish barobarida ikkinchi ayolning tahqirlanishini yashirmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev fikr yuritgan.

Foto: “Ca-news.org”

Bosh prokuratura axborotida tahqirlangan ayol ushbu hodisa yuzasidan 22-iyun kuni (voqea yuz berganidan 19 kun o‘tib) vakolatli organga ariza bilan murojaat qilgani aytib o‘tilgan. Aslida esa jabrlanuvchi ayol tomonidan ariza yozilmagan. Aksincha, ayol San’at Umarovga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini bildirib, Kattaqo‘rg‘onda ikki bolasidan boshqa hech kimi yo‘qligi, ular bilan dushmanlashsa, o‘ziga, bolalariga ziyon yetishidan qo‘rqishini ta’kidlab, hech qayerga shikoyat qilmagan.

Ajablantiradigan jihati shundaki, ushbu video tarqalgunga qadar na Kattaqo‘rg‘on shahar IIB, na prokuratura tomonidan San’at Umarovga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan. Aksincha, jabrlanuvchi N.T.ni shikoyat qilmasligidan foydalanib, mutasaddi vakillar IIB xodimi o‘z ishini davom ettirishi uchun ruxsat bergan.

Ushbu video “Ozodlik” radiosi orqali ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng, sobiq IIB xodimiga nisbatan zudlik bilan jinoiy ish ochilgan. Prokuraturaning bunday ish tutishiga sabab nima degan savol tug‘ilishi mumkin. Bunga ijtimoiy tarmoqlarda faqat ovozi chiqib turgan, biroq shu kungacha hech kim e’tibor qaratmayotgan ikkinchi holatdagi IIB xodimi so‘rog‘ida bo‘lgan ayolning “hikoyalari” aniqlik kiritadi.

Xo‘sh, bu ayol kim? Nega u hech qayerda tilga olinmayapti? Prokuraturaning ushbu videodagi ikkinchi holatga e’tibor qaratmasligining sababi nimada? Nima sababdan bir vaqtning o‘zida bo‘lgan ikkinchi holat yuzasidan IIV ham, prokuratura ham hech qanday munosabat bildirilmayapti? Nega hamma jabrlanuvchi ayol haqida gapirib, aslida ushbu qabihlikka yo‘l qo‘yib bergan Kattaqo‘rg‘on shahar IIB va uning mutasaddi rahbarlari haqida fikr yuritmayapti?

“Daryo” muxbiri olib borgan surishtiruvlarga ko‘ra, joriy yilning 25-may kuni Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasi binosida F.Sh. ism-sharifli ayol (aytishlaricha, u o‘sha kuni mast holda bo‘lgan) mojaro ko‘tarib, bino oynalarini sindirgan. N.T. bilan bo‘lgan voqea kuni u ham Kattaqo‘rg‘on shahar IIB bo‘limiga olib kelingan va tahqirlangan. IIB xodimlari F.Sh.ni o‘sha kuni nafaqat tahqirlagan, balki urgan ham.

Ko‘z oldida o‘ziga o‘xshagan ojiza ayolni tahqirlanishi, kaltaklanishini ko‘rgan N.T. qo‘rqqanidan ham ixtiyoriy ravishda yechinishga majbur bo‘lgan. Yana bir holat shuki, Kattaqo‘rg‘on shahrida ayol kishi bilan bog‘liq jinoyatlarda N.T. kabi muqaddam sudlangan ayollar doimiy tarzda chaqirilgan va ular har safar kelganida kiyimlari yechintirilgan. Muqaddam, ikki bor jinoiy javobgarlikka tortilgan N.T. IIB xodimlarining bu ishlari odatiy ekanligi, qarshilik ko‘rsatish befoydaligini bilib, San’at Umarovning buyruqlarini indamay bajargan.

Kishini yoqa ushlashga majbur qiladigan jihati shundaki, o‘sha kunning o‘zida N.T. bir emas, balki bir necha bor yechintirilgan. San’at Umarovning ayol kishini yechintirib, uni tahqirlaganiga avvaliga hech kim ishonmagan. Shundan so‘ng sobiq IIB xodimi so‘zini isbotlash maqsadida ushbu holatni takrorlab, videoga olgan.

Negadir ushbu voqeadan so‘ng hamma faqat yechingan ayol haqida so‘z yuritib, ushbu noxush holatga sababchi bo‘lgan ichki ishlar xodimlari haqida lom-lim demayapti. Prokuratura ham San’at Umarovga nisbatan chora ko‘rilishi bilan cheklanmoqda, xolos. Aslida esa ushbu holat Kattaqo‘rg‘on shahar IIB birinchi o‘rinbosarining shundoqqina xonasi oldida sodir bo‘lgan va bevosita uning o‘zi ham tomoshabin sifatida voqeani kuzatgan. Butun boshli bo‘limda yalong‘och bo‘lib yurgan ayolga IIBning biror xodimi e’tibor qaratmagan.

Qayd etish joizki, militsiya xodimi tomonidan tahqirlangan ayol videosi “Ozodlik” radiosiga yetib borishiga San’at Umarovning jazmani emas, balki rafiqasi sabab bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu videodan xabardor bo‘lgan sobiq IIB xodimining jazmani uning rafiqasiga qo‘ng‘iroq qilib, undan rashk qilgan eri boshqa ayollarni yechintirib yurishini bildirgan. Alamzada ayol esa videoni butun dunyoga tarqatib yuborgan.

Voqealarning batafsil tahlili uchun hozircha sir saqlanayotgan F.Sh. so‘roq qilinishi va unga nisbatan amalga oshirilgan zo‘ravonliklarga ham baho berilishi lozim. Bu hozirda olib borilayotgan tekshiruv va tergov ishlariga yanada aniqlik kiritadi.