O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva Kattaqo‘rg‘onda IIB xodimi tomonidan tahqirlangan ayol xonadoniga kelib, u bilan ko‘rishgani haqida xabar bergandik.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayevga ko‘ra, Tanzila Norboyeva ayolning oilaviy sharoiti bilan yaqindan tanishib chiqdi. N.T. bilan suhbat qurilib, uning ruhiy holati o‘rganildi va unga lozim paytda ko‘mak berish uchun psixolog Shahnoza Mamayusupova biriktirildi.

Inson hayoti davomida o‘zi istagan va istamagan paytlarda huquqiy himoyaga muhtoj bo‘ladi. Bu N.T misolida yana bir bor namoyon bo‘ldi. IIB sobiq xodimi San’at Umarov tomonidan tahqirlangan ayolni huquqiy himoya qilish, unga maslahat berish maqsadida advokat Azamat Ashurboyev ham biriktirildi. Advokat ayolga tergov-surishtiruv jarayonida huquqiy yordam beradi.

Bundan tashqari, patronaj hamshira Nilufar Hayitova, Olmazor mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis Inobat Ergasheva uning holidan muntazam ravishda murabbiy sifatida xabar olib turadi.

Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi xotin-qizlar qo‘mitasining taklifini inobatga olib, ayolga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida “Har bir oila — tadbirkor” dasturi asosida maktab o‘quv qurollari va kanselyariya mahsulotlari bilan savdo qilish uchun kichik savdo do‘koni tashkil qilib beriladigan bo‘ldi.

Farzandlari esa hududda faoliyat ko‘rsatayotgan sportning karate to‘garagiga jalb etildi.

Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi, hududdagi tadbirkorlar va mahalla faollari tashabbusi bilan ayolning uy-joyi ta’mirlanmoqda. Qurilish ishlari davomida xonadon atrofi to‘liq devor bilan o‘rab berilishi ham ko‘zda tutilgan.

Foto: “Daryo”

Ijtimoiy tarmoqlarda tashkil etilgan aksiyadan tushgan mablag‘ evaziga xonadonga darvoza ham o‘rnatildi. Farzandlariga kiyim-kechak va o‘quv qurollari xarid qilinadi.