Azamat Hamroyev Zangiota agrosanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi. Kollejning 15 sotix tajriba maydonida uch yildan buyon pomidor ekish bilan shug‘ullanadi. Hosilning bozori chaqqon. Ko‘chatlar gulini changlantirishda asalarilardan foydalaniladi. Tomchilatib sug‘orish orqali suv va mineral o‘g‘itlarning 90 foizi tejalmoqda, deb yozadi O‘zA.
Azamat yosh bo‘lishiga qaramay yerning, dehqonchilikning “tili”ni yaxshi tushunadi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Yoshlar qanoti” tomonidan tashkil etilgan “Yosh innovatsiyachi” ko‘rik-tanlovida ishtirok etgan yoshlar turli sohalarda o‘zaro tajriba almashdi. Ishlab chiqarish va servis, turizm, qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish borasida ishlab chiqilgan innovatsion g‘oyalarga ega yoshlar uchun mazkur tanlov muloqot maydoniga aylandi.
Azamat o‘zi kabi to‘rt tengdoshi bilan birga Janubiy Amerikaning yovvoyi pomidoriga o‘zimizning jaydari pomidorni payvand qilgan. Hozirda ichki bozor uchun mahsulot yetishtirayotgan bo‘lsa, kelgusida eksportbop, sifatli mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yish niyatida. Shu bilan birga poliz mahsulotlarini qayta ishlash borasida ham kreativ g‘oyalari bor.
Izoh (0)