O‘zbekiston Prezidenti “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirildi.
Qarorga muvofiq, davlat soliq xizmati organlari xodimlari Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi hisobidan quyidagi summalarning 10 foiziga qadar miqdorda mukofotlanishi belgilandi:
Kameral nazorat natijasi bo‘yicha undirilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar;
Bir oy mobaynida xronometraj va pasportlashtirish natijasi bo‘yicha aniqlangan, soliq to‘lovchi tomonidan to‘langan soliq;
Soliq tekshiruvlari natijasi bo‘yicha undirilgan soliqlar.
Maxsus jamg‘armaga soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar va ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarimalar summasidan ajratmalar miqdori 25 foizdan 40 foizga oshiriladi, bunda qo‘shimcha tushadigan mablag‘lar xodimlarni shaxsiy mukofotlashga maqsadli yo‘naltiriladi.
2018-yil 1-avgustdan mahalliy budjetlarning daromad bazasini kengaytirish zaxiralarini aniqlash faoliyatini moddiy rag‘batlantirishni oshirish va korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq davlat soliq xizmati organlari xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,7 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llanilishi belgilandi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi quyidagilar bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish topshirildi:
Yuqori professional malaka va ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan professional kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish;
Mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida vijdonan xizmat qilayotgan xodimlarni ularning shaxsiy hissasidan kelib chiqqan holda rag‘batlantirish mexanizmlarini yaratish;
Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan korrupsiya ko‘rinishlari va mansab suiiste’molchiliklari sodir etilishining barcha xavflarini bartaraf qilish;
Aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida keng tushuntirish, profilaktika ishlarini olib borish;
Davlat soliq inspeksiyalarining ish yuklamasi va soliqlarni yig‘ish faoliyatining iqtisodiy samaradorligidan kelib chiqib ularning sonini optimallashtirish.
Izoh (0)