Noyabr oyida Kaliforniyada shtatni uchta yangi shtatga bo‘lish haqidagi referendum bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Kaliforniya ma’muriyati bayonotiga tayanib, The Sacramento Bee sayti ma’lum qildi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
Kaliforniyani bo‘lish haqidagi tashabbus 400 mingdan ortiq imzo to‘plaganligi ta’kidlanmoqda. Mazkur tashabbus bo‘yicha ovoz berish 2018-yilning 6-noyabrida bo‘lib o‘tadi.
Tashabbus Kaliforniyani uchta shtat: Kaliforniya, Shimoliy Kaliforniya va Janubiy Kaliforniyaga bo‘lishni ko‘zda tutadi. San-Fransisko va Sakramento Shimoliy Kaliforniya, San-Diyego, Fresno, Kern va Orindj Janubiy Kaliforniya tarkibiga kiradi. Kaliforniya esa Los-Anjeles, Santa-Barbara va Venturani o‘z ichiga oladi.
Tashabbus imzo yig‘ish bo‘yicha muvaffaqiyat qozonganligiga qaramasdan, so‘rovnoma shtat aholisining 72 foizi Kaliforniyaning bo‘linishiga qarshi ovoz berishini ko‘rsatdi. Aholining 17 foizigina tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Bundan tashqari, tashabbus ovozlarning ko‘pchiligini to‘play olsa ham, uni Kaliforniya hukumati Assambleyasi, shuningdek, AQSh Kongressi ma’qullashi kerak bo‘ladi.
Izoh (0)