Respublika tibbiyot oliygohlari, ilmiy-tekshirish institutlari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, klinik shifoxonalari olim shifokorlari, yetakchi mutaxassislardan iborat guruh Namanganda faoliyatini boshladi. Ular bilan viloyat davolash-profilaktika muassasalari tajribali shifokorlari hamkorlikda ish olib bormoqda. Bu haqda “Daryo”ga viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmat xabar berdi.
Dastlab Pop, Chust, To‘raqo‘rg‘on va Namangan tumanlaridagi qishloqlar va ularga tutash hududlarda yashovchi tibbiy yordamga muhtoj kishilar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka chorlandi. Har kuni yuzlab nuroniylar, bolalar va onalar salomatligi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
Xususan, Yangiqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 60-sonli qishloq oilaviy poliklinikasida kechgan tibbiy tadbir bois aholi malakali tibbiy xizmatdan bahramand bo‘ldi. Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi, Respublika akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, respublika ko‘z kasalliklari shifoxonasi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va boshqa nufuzli klinikalarning taniqli mutaxassislari to‘qqiz turdagi yo‘nalishlar bo‘yicha odamlarni qabul qiladi.
Sog‘lomlashtirish tadbiri davom etmoqda. 9-iyunga qadar viloyatdagi barcha tumanlar aholisi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.