Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi “O‘lmas” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 25-maktab faoliyati bilan tanishgan Respublika 5-ishchi guruhi qator kamchiliklarni aniqladi, deb yozadi “Xabar.uz”.
Maktab 420 ta o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, hozirda bu yerda 526 nafar bola tarbiyalanmoqda.
Muassasaning asosiy o‘quv binosi 1971-yilda qurilgan va zamon talablariga mutlaqo javob bermaydi. Boshlang‘ich sinflar uchun o‘quv binosi katta yo‘lning narigi tarafida joylashgan. Transport qatnovi gavjum “Mustaqillik” shohko‘chasining ikkinchi tomoniga yurakni hovuchlab o‘tishga to‘g‘ri keladi.
1959-yilda qurilgan bir qavatli inshoot zaxlab, sho‘rlanib, devorlari ko‘chib tushmoqda. Shiplari mog‘orlab, qorayib ketgan. Qariyb 60 yillik tarixida kapital ta’mirlash ishlari biror marotaba amalga oshirilmagan. 2008-yildagi joriy ta’mirlash ham qo‘l uchida qilib qo‘yilgan.
Boshlang‘ich sinf uchun mo‘ljallangan yordamchi o‘quv binosi loydan qurilgan. O‘rganish chog‘ida sinfxonalar torligi, partalar eskiligi va yorug‘lik yetarli emasligi, binoning poydevori pastligi va garchi bolalar bu yerda hozir o‘qishni davom ettirayotgan bo‘lsa-da, sinfxonada qo‘lansa hid ko‘ngilni ozdirar darajada anqib turgani aniqlandi.
Maktabda oshxona, faollar zali, tibbiyot xonasi yo‘q. Kutubxonachi Dilfuza Haqqulovaning aytishicha, bu yerga oxirgi marta 2017-yilning 14-iyulida 28 nomdagi 192 dona kitob keltirilgan. May oyining 17-sanasida esa to‘rttagina prezident asari qabul qilib olingan. Badiiy adabiyotlar mutlaqo yetishmaydi. Ijara darsliklari pala-partish terib tashlangan.
Maktab atrofi ochiq-sochiq — 175 metrlik qismi umuman o‘ralmagan. Devor o‘rnida qazib qo‘yilgan 1 metrlik chuqurning narigi tomonidagi loy-chang yo‘l “Hayot yo‘li” mahallasiga olib boradi. Uning chetida uch metrlik botqoqli zovur joylashgan. Devorning bor qismi ham omonat. Maktab binolari bilan bir vaqtda qurilgan hojatxonalar sanitariya talablariga umuman javob bermaydi.
Maktabning ichimlik suvi tarmog‘i yo‘q. Tuman hokimligi ichimlik suvi minorasini qurish uchun olti sotix yer ajratganiga qaramay, mutasaddilar uni qurishni paysalga solib kelishyapti. Hamshira shtati birligi ham ajratilmagan. Mehnat fani xonasidagi uskunalar ma’nan eskirgan.
Maktab direktori Avazbek Yoqubovning aytishicha, maktab devorlarini qayta tiklash uchun budjetdan 15 million so‘m ajratilgan va iyul oyida ishlar bajariladi. Ichimlik suvi loyihasi ham ishlab chiqilgan. Boshlang‘ich ta’lim olish binosini qaytadan qurish 2019-yildagi Davlat dasturiga kiritilgan. Qo‘shimcha daromad topish uchun ekilgan 220 tup olcha bu yil hosilga kirgan. Keyingi yili yaxshi hosil bersa, sarf-xarajatlarning bir qismini qoplashi mumkin. Albatta, to‘qqiz yillik direktorning dehqonchilik borasida va qo‘shimcha foyda olib, maktabning kam-ko‘stini to‘g‘rilashga bo‘lgan intilishi e’tiborga loyiq.
Ammo sektor rahbari, Baliqchi tumani hokimi Jasurbek Abdurayimov maktab ahvoli bilan yaqindan tanishganmikan, degan haqli savol kishi xayolidan o‘tadi? Tuman va viloyat, respublika ta’lim mutasaddilari bu maktabga biror marotaba qadam ranjida qilib, yig‘ilib qolgan muammolarni o‘rganganmikan?
Izoh (0)