Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Instagram ijtimoiy tarmog‘ini yopish zarurligini, chunki “Lelingradda uning yordamida terakt amalga oshirilgani”ni ma’lum qildi. Bu haqda u bolalar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlangan syezd vaqtida so‘zladi, deb xabar beradi Meduza.
“Biz saytlar va dasturlarni yopib qo‘yishning uzoq muddatli rasmiyatchiligini qisqartiraylik deymiz. Ammo biz buni yillab cho‘zib yuramiz. Ayni vaqtda menga ma’lum qilishlaricha, Instagram davlat ustidan sudga shikoyat tayyorlamoqda ekan. Bu vaziyatning mutlaq izidan chiqib ketishidir”, — deydi Tergov qo‘mitasi rahbari.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Bastrikin xato so‘zlab yuborgan, chunki Tergov qo‘mitasining mazkur tadbir borasidagi hisobotida “gap Telegram messenjeri haqida ketgan”.
“Turkiyada bolalar bilan ishlash uchun Yandex, Google bilan bir qatorda o‘zlarining axborot tizimi ham mavjud. Biz esa hatto Instagram’ni yopa olmayapmiz. Aslida esa Instagram’ni yopishimiz kerak, chunki o‘tgan yili Leningradda sodir bo‘lgan terakt aynan Instagram yordamida amalga oshirilgan”, — deya so‘zlagan Bastirkin.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Moskvaning Tagansk tuman sudi “Roskomnadzor”ning Telegram messenjerini bloklash haqidagi talabini qanoatlantirgan edi.
Izoh (0)