O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, o‘tgan haftada respublika avtomobil yo‘llarida jami 142 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ushbu hodisalarda 136 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati xabar bermoqda, deb yozadi “Kun.uz”.
Hafta davomida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan jami 75 967 ta qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lib, bu qoidabuzarliklarning 41 845 tasini qo‘pol qoidabuzarliklar tashkil etadi. Jumladan, 1 232 nafar haydovchi transport vositasini mast holda boshqarganligi, 13 969 nafar haydovchi belgilangan tezlik talablarini, 1 101 nafar haydovchi svetofor va chorrahalardan o‘tish qoidasini, 11 938 nafar haydovchi odam tashish qoidasini, 248 nafar haydovchi temir yo‘l kesishmalaridan o‘tishda qoidani buzganligi uchun to‘xtatildi va ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Shuningdek, transport vositasining oynalarini me’yoridan ortiqcha qoraytirgan 373 nafar, harakat vaqtida telefondan foydalangan 805 nafar va xavfsizlik kamarlarini taqmasdan harakatlangan 15 340 nafar haydovchiga nisbatan ham tegishli choralar ko‘rilgan.
O‘tgan hafta davomida 1 232 nafar haydovchi transport vositasini spirtli ichimlikdan mast holda boshqarganligi aniqlangan bo‘lsa, muborak Ramazon oyining o‘tgan 11 kuni davomida YPX inspektorlari tomonidan 2 026 nafar haydovchiga shu kabi huquqbuzarliklar uchun choralar ko‘rilgan.
Izoh (0)