Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati Paxtakor tumani sudida 18-may kuni O‘zbekistonda 2018-yilda sodir etilgan eng birinchi jinoyat ishi bo‘yicha hukm e’lon qilindi. Bu haqda tuman sudi raisi Zokir Xudoyberdiyev “Daryo” nashriga ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1992-yilda tug‘ilgan F.Sh. 2018-yilning 1-yanvar kuniga o‘tar kechasi qarindoshi P.Sh. bilan Paxtakor tumani Oltiariq mahallasida yashovchi sobiq sinfdoshi Z.Qurbonovaning uyiga uni Yangi yil bayrami bilan tabriklash uchun borib, u yerda boshqa bir sinfdoshi — 1992-yilda tug‘ilgan A.I. bilan o‘zaro tortishib qolgan.
Natijada 1-yanvar kuni soat taxminan 4:30 atrofida F.Sh. sinfdoshi A.I.ni qarindoshi P.Sh. bilan birga do‘pposlab, unga tan jarohati yetkazgan. A.I. Paxtakor tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch bo‘limiga yotqizilgan, biroq olgan tan jarohatlari oqibatida 1-yanvar kuni soat 18:00 da vafot etgan.
Sud mavjud dalillar va guvohlar ko‘rsatmalarini o‘rganib, F.Sh. va P.Sh.ni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (“Jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybli deb topib, har ikkisiga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Sudlanuvchilar jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
Izoh (0)