Isroilning Quddus ishlari bo‘yicha vaziri Zeev Elkinning ma’lum qilishicha, Falastin bilan nizo arablar Quddusga nisbatan da’vosidan voz kechsagina hal etilishi mumkin. Bu haqda vazir “Izvestiya” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozmoqda “Gazeta.ru”.
“Quddus Isroilning poytaxti sifatida tan olinmasa, mojaro tinchlik yo‘li bilan yechim topishining iloji yo‘q. Biroq elchixonani ko‘chirishdan voz kechish falastinliklarda shunday tasavvur uyg‘otmoqdaki, xuddi Isroilning Quddusdan poytaxt sifatida voz kechishi nizoning yechimiga sabab bo‘ladi. Biroq, Isroil hukumati hech qachon bunday yechimni tanlamaydi”, — deydi Elkin.
Shuningdek, Zeev Elkin Quddusda Rossiya diplomatik missiyasining ochilishi Isroilga ma’qul kelishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, elchixona uchun eng munosib joy — Eski shahar yonidagi qadimiy Rus karvonsaroyi.
Isroil va Falastin mojarolari AQSH o‘z elchixonasini Quddusga ko‘chirishini ma’lum qilganidan so‘ng yanada avj oldi. Diplomatik missiyaning ko‘chirilishi tufayli G‘azo sektorida norozilik namoyishlari uyushtirilgan. Namoyishchilar va Isroil qo‘shinlarining to‘qnashuvi oqibatida 61 nafar falastinlik halok bo‘ldi.
Avvalroq, Golan tepaliklaridagi Isroil qo‘shinlari marralariga raketa hujumi uyushtirilgani ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)