Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Kongodagi epidemiologik holatdan xavotirda ekanini ma’lum qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar qildi.
Kongoda Ebola virusi bilan zararlanishning 44 ta holati qayd etildi. Ulardan uchtasi Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari tomonidan tekshirilgan.
“Voqealarning bunday rivojlanishi xavotirlarga sabab bo‘lmoqda, biroq hozir Ebola virusiga qarshi samaraliroq kurashish uchun barcha imkoniyatlarga egamiz”, — deya Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus tashkilot saytida 17-may, payshanba kuni e’lon qilingan xabarida ma’lum qilgan.
“Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘z hamkorlari bilan birgalikda virusning keyinchalik tarqalishining oldini olish uchun barcha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda”, — deydi Gebreyesus.
Avvalroq Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Kongoga vaksinaning 5 mingdan ortiq dozasini yuborgan.
Virus Kongodagi Ebola daryosi atrofidan aniqlangan. Xastalikning dastlabki belgilari grippni eslatadi. Virus gemorragik bezgak, bosh og‘rig‘i, ich ketishi, ko‘ngil aynishi, buyrak va jigar bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi. Ayrim bemorlarda ichki va tashqi (ko‘z va milklardan) qon ketishi kuzatilishi mumkin.
2013-yili dekabrda 28,6 ming kishi Ebola virusini yuqtirgan. 11,3 ming o‘lgan. Qurbonlarning asosiy qismi Gvineya, Liberiya va Syerra-Leone hududlarida qayd etilgan.
Izoh (0)