2002—2017-yillarda AQSh terrorizm bilan global kurashishga 2,8 trillion dollar sarfladi. Bu haqda Genri Stimson nomidagi markaz (Vashington) hisobotiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Markaz mutaxassislari o‘z tadqiqoti orqali davlat tashkilotlarining terrorizmga qarshi kurashish maqsadida sarflagan mablag‘larini hisoblab chiqdi. Jumladan, Pentagon, Ichki xavfsizlik vazirligi va davlat departamenti xarajatlari o‘rganildi. Afg‘oniston, Iroq, Suriyada olib borilgan operatsiyalar, shuningdek, AQSh hududiga terrorchilarning kirib kelishini oldini olish, mamlakat ichidagi ekstremistlar va ularning hamtovoqlarini aniqlash, xorijiy davlatlarga yordam berish singari masalalarni hal qilishga sarflangan mablag‘lar hisobga olindi.2001-yil 11-sentabr kuni Nyu-York va Vashington shaharlarida “Al-Qoida” guruhi jangarilari tomonidan qo‘lga olingan avialaynerlarda sodir etilgan terrorchilik oqibatida 3,5 ming kishi halok bo‘lgan. Shu yildan e’tiboran, AQSh terrorizmga qarshi kurashish uchun har yili o‘rtacha 186,6 milliard dollar sarflab keladi. Eng katta miqdordagi xarajatlar (260 milliard dollar) 2008-yilga to‘g‘ri keladi. 2017-yili 175 milliard dollar sarflangan.
Terrorizmni oldini olish uchun o‘tgan 15 yil ichida qilingan xarajatlarning 60 foizi Pentagon, 35 foizi Markaziy razvedka byurosi, 5 foizi Davlat departamenti hissasiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, 15 yil ichida Pentagon — 1,7 trillion, Markaziy razvedka byurosi — 979 milliard, Davlat departamenti 138 milliard dollar sarflagan.
Mutaxassislarning aytishicha, 2001-yil 11-sentabrdan keyin ekstremistlar AQShda 100 kishini o‘ldirgan, ya’ni har yili 6 kishi terrorchilik qurboni bo‘lgan. Taqqoslash uchun tahlilchilar 2016-yili opioidning haddan tashqari katta dozalari 20 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgani to‘g‘risidagi ma’lumotni keltiradi.
“Mazkur hisobot terrorizmga qarshi kurashish uchun qancha mablag‘ sarflanayotganini ko‘rish, xarajatlarning kam yoki ko‘pligiga baho berish uchun tayyorlandi”, — deydi tadqiqot mualliflari.
Izoh (0)