Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining madaniyat saroyida “Hadisi sharif bilimdoni” musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 86 ishtirokchi bahslashdi.
Musobaqada ishtirokchilarning chiqishlari Imom Buxoriy va Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatini yoritib berish, berilgan hadisni sharhlab berish (hadisi sharifni ifodali o‘qib, tarjima qilish va undan olinadigan foydalarni bayon qilish), hadisi sharifni arab tilidagi matnini sahobiyning ismi bilan yoddan aytib berish shartlari bo‘yicha umumiy 100 ballik tizimda baholandi.
Hakamlar hay’atining xulosasiga ko‘ra, musobaqada birinchi o‘rinni Jaloliddin Mamasoliyev, ikkinchi o‘rinni To‘lqin Nizamatdinov va uchinchi o‘rinni ikki ishtirokchi Zarafatdin Sagidullayev va Xaytmurat Yerejepov egalladi.
Tadbir davomida tomoshabinlar o‘rtasida savol-javob viktorinasi bo‘lib o‘tdi va to‘g‘ri javob egalariga kitoblar sovg‘a qilindi.
“Musobaqa juda qiziqarli o‘tdi, undagi maxsus viktorinada nafaqat ishtirokchilar, balki yig‘ilgan talabalar, o‘qituvchilar hamda mehmonlar hadisi sharifni nechog‘li bilishi bo‘yicha bahslashdi”, – deydi Muhammad Beruniy nomidagi Islom bilim yurti o‘qituvchisi Ahmed Yaqubov.
Izoh (0)