Xotira va qadrlash kuni arafasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) muxbiri musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur bilan ziyorat odoblari xususida suhbat uyushtirdi.
Musulmonlar idorasi tomonidan “Qabrlarni ziyorat qilish odobi haqida” fatvo qabul qilingan. Shayx Abdulaziz Mansur qabriston ziyorat qilish vaqtida nimalarga e’tibor qaratish zarurligini aytib o‘tdi.
Avvalo, qabristonga kirilganda “Sizga salom bo‘lsin ey qabriston ahli”,— deya salom beriladi.Qabriston yonidan o‘tayotgan kishi, agar vaqti bo‘lsa, ulovidan tushib Qur’on tilovat qilishi va uning savobini marhumlarga bag‘ishlashi lozim. Bordi-yu, vaqti ziq bo‘lsa, u holda “Marhumni Alloh rahmatiga olsin”,— deya fotiha qilib o‘tib ketaveradi.
Ayrim kishilar shifo tilab, befarzandlar farzand talabida yoki boshqa hojatlarini marhumlardan so‘rab, qabrlarni tavof qiladilar. Ustun va burchaklarni silab, yuzlarini surib, ostonasini o‘padilar, nola qilib: “Oldingizga umid bilan uzoqdan keldim, duolarimni qabul qiling”,— deya iltijo qiladilar. Bunday qilish mumkin emas.
Tilaklar ijobat bo‘ladi, deya qabristondagi daraxtlarga latta bog‘lash, qabrlar yoniga sham yoqish, qabr toshlarini o‘pish bid’at va xurofot amallardan. Bu ishlarni qilgan kishi gunohkor bo‘ladi. Axir, hech narsaga yaramaydigan oddiy bir lattani daraxtga bog‘lab, hojatim ravo bo‘ladi, deyish mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi-ku.
Ba’zi kishilar hojatlarini ro‘yobga chiqishini so‘rab qabristondagi daraxtlarga, qabr panjarasiga latta bog‘laydi.
Allohdan boshqaga atab qurbonlik qilish — katta gunoh. Jonliq so‘yish gohida ikki harom narsani o‘zida jamlaydi: Allohdan boshqa uchun so‘yish va Allohdan boshqaning nomi bilan so‘yish. Bu maqaddas so‘yilgan jonliqning go‘shtini iste’mol qilib bo‘lmaydi.
Izoh (0)