Samarqand shahrida ilk bor 2015-yil 1-may kuni favvoralar sayli o‘tkazilgan edi. Shundan buyon bu tadbir an’anaga aylanib, har yili keng nishonlanmoqda, deb xabar beradi O‘zA.
Bugungi kunda qadimiy va hamisha navqiron shaharda 31 ta nurli, 2 ta nurli-musiqali, 2 oddiy favvora mavjud.
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, favvoralar sayli Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy va Teatr maydonlarida, Amir Temur nomli, Universitet xiyobonlarida, Islom Karimov haykali o‘rnatilgan maydonda, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykallari o‘rnatilgan hududda, “Shoirlar bog‘i” va Samarqand temir yo‘l vokzali maydonidagi favvoralar atrofida o‘tkaziladi.
Soat 16:00 dan boshlab ushbu maskanlarda taniqli san’atkorlar, yosh ijrochilar, badiiy havaskorlik jamoalarining chiqishlari ta’minlanadi. Opera va balet sahnalari ko‘rinishlari ham namoyish etiladi, ommaviy raqs, turli viktorina va tanlovlar, bellashuvlar o‘tkaziladi. Xalq sayllari tashkillashtiriladi.
Tadbirlar jarayonida favvoralar atrofida taniqli musavvirlar yosh rassomlar uchun master-klasslar o‘tadi, mavzuga oid rasmlar ko‘rgazmalari namoyish etiladi.
Izoh (0)