Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida joriy yilning 21—24-aprel kunlarida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan tashkillashtirilgan Qur’on musobaqasining “Hifz” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin sohibi, musobaqaning mutlaq g‘olibi Toshkent Islom instituti talabasi, qoraqalpog‘istonlik Joldasboy Nuritdinovni qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Erniyazov musobaqa g‘olibini ajoyib g‘alaba bilan tabrikladi.
Ushbu musobaqa Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakillari uchun juda muvaffaqiyatli bo‘ldi. Jumladan, Joldasboy Nuritdinov mutlaq g‘olib sifatida Prezidentning sovg‘asi Gentra avtomashinasi bilan taqdirlangan bo‘lsa, 18—25 yoshdagi erkaklar o‘rtasida “Tilovat” yo‘nalishi bo‘yicha yana bir Qoraqalpog‘iston vakili Nurmuhammed Ametniyazov uchinchi o‘rinni, diniy ta’lim muassasalarining talabalari o‘rtasida “Tilovat” yo‘nalishi bo‘yicha Muhammad al-Beruniy o‘rta maxsus Islom bilim yurtining talabasi Hamidulloh Hikmatullayev ikkinchi o‘rinni egalladi.
O‘z navbatida, musobaqa g‘olibi Joldasboy Nuritdinov alohida e’tibori uchun Jo‘qorg‘i Kenges Raisiga minnatdorchilik bildirdi.
Qabul yakunida g‘olibga esdalik sovg‘alar topshirildi.
Izoh (0)