O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda Toshkent harbiy okrugining Chirchiq dala o‘quv maydonida mutlaqo yangi tarkibdagi batalyon taktik guruhi shaxsiy tarkibi bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda “Daryo”ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Dala o‘quv maydoniga yetib kelgan ijodkorlar — Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, Baxtiyor Haydarov, Hakim Sattoriy, Botir Ergashev dastlab dala o‘quv maydonida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, harbiy xizmatchilarning amaliy mashg‘ulotlarini kuzatib bordi.
Amaliy mashg‘ulotlardan so‘ng ijodkorlar va harbiy xizmatchilar o‘rtasida adabiy yo‘nalishda samimiy suhbat tashkil etildi. Tadbir davomida Mahmud Toir va boshqa ijodkorlar harbiy xizmatchilarga mardlik, jasurlik, dovyuraklik, fidoyilik tuyg‘ularini oshirish, milliy o‘zlikni anglash, vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoyilik hissini qaror toptirish masalalariga qaratilgan badiiy asarlardan namunalar keltirdi hamda ularga yurt tinchligi va himoyasi yo‘lidagi xizmatlarida omad tiladi.
Suhbatda faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilarni kitob bilan taqdirlab, harbiy qism kutubxonasiga badiiy adabiyotlar hadya etildi.
Izoh (0)