24-mart kuni soat 12:21 da Bo‘ka tumani IIB tezkor navbatchilik qismiga Bo‘ka tumani markazida joylashgan shox bekatda yong‘in sodir bo‘lganligi xaqida xabar kelib tushgan. Bu haqda “Daryo”ga Toshkent viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, kelib tushgan xabar yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv ishlari davomida tuman shox bekatida Akfa alyumin profilidan ishlangan yengil tipdagi do‘konda 1964-yilda tug‘ilgan Bo‘ka tumanida yashovchi ayol tegishli hujjatlarsiz og‘zaki kelishuv asosida pishiriq tayyorlab sotish bilan shug‘ullanib kelayotganligi ma’lum bo‘lgan. 24-mart kuni ham ayol pishiriq pishirayotgan vaqtda, yong‘in sodir bo‘lib, do‘kon ichidagi oshxona jihozlari yongan. Taxminan soat 12:29 da do‘kon ichida bo‘lgan “propan” gaz balloni yong‘indan kelib chiqqan issiqlik natijasida chaqnash (portlash) sodir bo‘lgan.
Natijada yong‘in sodir bo‘lgan joyga yaqin masofada turgan besh nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib, Bo‘ka tumani markaziy kasalxonasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Bo‘ka tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat kodeksining 257-moddasi 1-qismi (texnika xavfsizligi, sanoat saniyatariyasi yoki mehnatni muhofaza qilishning boshqa qoidalarini shu qoidalarga rioya etilishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tomonidan buzilishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)