Eronda qutqaruv otryadlari Turkiyaning Bombardier Challenger 600 xususiy samolyoti qulagan hududga yetib bordi. Bu haqda mamlakat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lum qildi, deya xabar beradi “Izvestiya”.
Halokat joyida 11 kishi — 8 yo‘lovchi va 3 nafar ekipaj a’zosining kuygan tana qoldiqlari topildi. Ularning shaxsini aniqlash uchun DNK tahlili talab qilinishi bildirilmoqda.
Qidiruv-qutqaruv operatsiyasiga bir necha maxsus brigada, shuningdek, alpinistlar va o‘t o‘chiruvchilar jalb etildi. Samolyot bo‘laklari dengiz sathidan 400-500 metr balandlikda, deyarli qoya qirg‘og‘ida topildi.
Eslatib o‘tamiz, Basharan Holding’ga qarashli va Sharjadan Istanbulga yo‘l olgan xususiy samolyot 11-mart, yakshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:20 da radarlardan g‘oyib bo‘ldi.
Shahri Kord shahri yaqinidagi tog‘li hududda qulagan va yonib ketgan havo kemasi bortida xolding egasi qizi, 28-mart kuni to‘yi bo‘lishi belgilangan Mina Basharan va uning 7 nafar dugonasi bor edi.
Izoh (0)