Turkiya qurolli kuchlari Suriyaning Afrin shahridagi operatsiyalar davomida PYD (“Demokratik ittifoq” kurd partiyasi), YPG (kurdlar o‘z-o‘zini mudofaa qilish kuchlari), shuningdek, IShID guruhining 2 222 a’zosini yo‘q qildi. Bu haqda 1-mart, payshanba kuni Turkiya bosh shtabi ma’lum qildi, deb yozadi “RIA Novosti”.
“ ‘Zaytun novdasi’ operatsiyasi boshlangandan buyon PYD, YPG va IShID terrorchilik tashkilotlarining 2 222 a’zosi yo‘q qilindi”, — deyiladi bosh shtab bayonotida.
Anadolu agentligining xabariga ko‘ra, Turkiya Qurolli kuchlari Afrinning shimoli-g‘arbida joylashgan Shayx Mehmetli qishlog‘ini nazorati ostiga olgan.
Avvalroq bosh shtab turk armiyasining Afrindagi operatsiya boshlangandan buyon yo‘qotishlari — 33 kishi halok bo‘lganligi va 150 dan ortig‘i jarohat olganligini ma’lum qilgan edi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)