23-fevral kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida Turkiston muxtoriyatining 100 yilligiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. “Daryo” vakili anjumanda ishtirok etdi.
Tadbir bir guruh faollar, shuningdek, o‘zbekistonlik tarixchi olimlar tomonidan Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi ko‘magida tashkil etdi. Unda professional tarixchi va filolog olimlar, yozuvchilar, davlat idoralari vakillari, chet el diplomatik korpuslari rahbarlari, jurnalistlar, ijtimoiy tarmoqlar faollari, blogerlar va Turkiston muxtoriyati tarixiga qiziquvchilar ishtirok etdi.
Tinglangan hisobotlarda Turkiston muxtoriyati tarixi, uni qurishda ishtirok etgan tarixiy shaxslar, ularning O‘zbekiston va O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni xususida so‘z yuritildi. Tadbir ishtirokchilari muxtoriyatning umumiy tarixi, ichki va tashqi siyosati, armiyasi, iqtisodiy faoliyati haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Turkiston muxtoriyati — O‘rta Osiyo tarixidagi birinchi zamonaviy demokratik hukumat bo‘lib, 1917-yil 28-noyabrida Qo‘qon shahrida ta’sis etilgan. 72 kunlik faoliyatidan so‘ng muxtoriyat 1918-yil 22-fevral kuni Turkiston komissariati hamda unga markazdan yuborilgan sovet armiyasi guruhlari tomonidan tugatilgan. O‘sha yillarda sobiq Rossiya imperiyasining boshqa hududlarida ham shu kabi mustaqil davlatlar tuzilgan, ammo Qizil armiya tomonidan birin-ketin tugatilgan edi. Xususan, Ukraina elchisi Yuriy Savchenko o‘z chiqishida deyarli bir davrda mavjud bo‘lgan Turkiston muxtoriyati va Ukraina Xalq Respublikasi tarixidagi shu kabi parallellarga e’tibor qaratdi.
Tadbir davomida, shuningdek, XIX asr oxiri — XX asr boshidagi O‘rta Osiyo siyosiy va madaniy tarixiga oid turli masalalar yuzasidan muhokamalar olib borildi. Ma’ruzachilar ishtirokchilarning savollariga javob berdi.
Izoh (0)