O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
“Axborot 24” dasturining 15-fevraldagi sonida qayd etilishicha, Prezidentning bu qarori bilan nafaqat ichki ishlar organlarining tizimi, tarkibiy tuzilishi o‘zgaradi, balki sohaga zamonaviy axborot texnologiyalari ham keng joriy etiladi.
Xususan, Toshkent shahridagi ichki ishlar bo‘limlari xodimlarini, birinchi navbatda, profilaktika inspektorlari va tezkor vakillarini maqsadli dasturiy ta’minot o‘rnatilgan va ichki ishlar organlari elektron axborot tizimlarining ma’lumotlar bazalariga ulangan xizmat uyali telefonlari (planshetlar) bilan bosqichma-bosqich ta’minlash haqida ko‘rsatma berilgan.
“Axborot 24”da ichki ishlar organlari faoliyati uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan maxsus jihozlangan Damas avtomobili namoyish etildi.
Ushbu tezkor avtomobil monitor, noutbuk, joystik-kontroller bilan jihozlangan, tomiga maxsus kuzatuv kamerasi va quyoshdan quvvat olib, 12 soat davomida elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan quyosh batareyalari o‘rnatilgan.Avtomobildan joylardagi tadbirlarda, nazorat punktlarida kirib-chiqayotgan fuqarolarni tekshirishda foydalaniladi. Shuningdek, yo‘llarda, mahallalarda yurganda mashinalarning qarzdorliklari bor-yo‘qligini aniqlasa bo‘ladi. Kompyuter orqali barcha ma’lumotlarni olish mumkin.
Doniyor G‘aniyev, Toshkent IIBB texnik mutaxassisi
Izoh (0)