Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari Ukrainada “Tavhid val-Jihod” terrorchi guruhi tarkibiga qo‘shilgan O‘zbekiston fuqarosi Sherzod Jo‘rayevni qo‘lga oldi va O‘zbekistonga qaytardi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
“O‘zbekiston 24” telekanalida ko‘rsatilgan reportajda aytilishicha, 26 yoshli ishtixonlik fuqaro 2015-yili Rossiyaga ketgan, bir yildan so‘ng esa Turkiya orqali Suriyaga o‘tgan va terrorchilar safiga qo‘shilgan edi.
“Men u yerda uch oy ta’lim oldim, jihod va diniy ta’limot bo‘yicha bilimlar oldim. Bundan tashqari, yana ikki oy jangarilik tahsilini oldim. Menga qirg‘izistonlik Abu Saloh degan odam ta’lim berdi, u ‘Tavhid val-Jihod’ a’zosi”, — ma’lum qildi Sherzod Jo‘rayev “Axborot 24” dasturi efirida.
2016-yilning yanvar – sentabr oylarida Sherzod Jo‘rayev Suriyaning Marata, Lazqiya va Xama viloyatlaridagi harbiy harakatlarda faol ishtirok etib, o‘ng yelkasidan jarohat olgan. Shundan so‘ng unga Rossiyaga qaytib, banklarga o‘g‘rilikka tushish va bu yo‘l bilan topilgan pulni Suriyaga yuborish topshirilgan.
“Bizga zargarlik do‘konlari va katta banklarni o‘marish topshirildi. O‘g‘irliq pullarni Gruziyaga, u yerdan esa Suriyaga yuborish lozim edi. Bir muddat Turkiyada bo‘ldik, u yerda bizni ushlashdi. Meni O‘zbekistonga deportatsiya qilishmadi, men tanish advokatimdan yordam so‘radim, va meni Ukrainaga deportatsiya qilishdi. U yerda meni ushlashdi va mamlakatga qaytarishdi”, — hikoya qildi sobiq jangari.
Sherzod Jo‘rayevga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Teledastur chog‘ida u qilgan ishidan afsusdaligini bildirib, O‘zbekiston xalqidan uzr so‘radi.
Izoh (0)