Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasining rahbariyati va hududiy inspeksiyalar tomonidan viloyatning barcha tuman va shaharlarida tadbirkorlar, eksportchi tashkilotlar hamda fermer xo‘jaliklari mutaxassislari bilan seminar uchrashuvlari, ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda “Daryo”ga viloyat davlat soliq boshqarmasi vakillari ma’lum qildi.
Tadbirlarda asosiy e’tibor tadbirkorlik subyektlari va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash, soliq sohasida mavjud muammolarni har tomonlama o‘rganish va zudlik bilan hal etish hamda ular tomonidan berilayotgan takliflarni o‘rganishga qaratildi.
Qo‘shko‘pir tumanida tashkil etilgan uchrashuv tadbirlarida viloyatda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish, ishbilarmonlik va investitsiya muhiti darajasining xalqaro reytingini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida aytib o‘tildi.
Tadbirda viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i J. Temurov so‘zga chiqib, hukumat tomonidan tadbirkorlik subyektlariga barcha jabhalarda qulay shart-sharoitlar yaratib berilayotgani, shu jumladan, soliq tizimida ham soliqqa oid qonunchilik soddalashtirilib, amaldagi tartiblar yengillashtirilayotgani hamda soliq to‘lovlaridan imtiyozlar berilib, sohada tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilayotgani haqida o‘z fikr-mulohazalarining bildirib o‘tdi.
Tadbir davomida amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan ko‘pgina tadbirkorlarning murojaati o‘z yechimini topdi.
Jumladan, Qo‘shko‘pir tumani G‘azovot qishlog‘ida G‘azovot dehqon bozori yonida joylashgan uzoq yillardan buyon foydalanilmasdan turgan qurilishi tugallanmagan bino shu qishloqda yashovchi fuqarolar Ilhom Matkarimov va Komiljon Nurimovga qonuniy berilish masalasi hal qilindi. Endilikda bu binoda non va non mahsulotlari ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish shoxobchasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.
Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar viloyatning barcha tumanlarida davom etmoqda.
Izoh (0)