Bozorlarda ayrim oziq-ovqat tovarlari taqchilligi yuzaga kelishi kuzatilmoqda. O‘zA buning sabablariga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
Shakar, kartoshka kabi mahsulotlar rastalarda tortilib qolishi, ularning narxi barqaror emasligi iste’molchilarda e’tiroz keltirib chiqarmoqda.
Buning o‘ziga yarasha obyektiv va subyektiv sabablari mavjud. Bozorlardagi nosog‘lom raqobat, oziq-ovqat mahsulotlari importining ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan monopollashtirilishi, sun’iy taqchillikni yuzaga keltirish va ba’zi tovarlar uchun narx-navoning asossiz oshirilishi oqibatida qo‘shimcha foyda olish uchun shart-sharoit yaratilmoqda. Bu tarmoqda jiddiy tizimli muammolar saqlanib qolayotganidan dalolatdir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2017-yilning 11 oyi davomida importchilar ozod qilingan bojxona imtiyozlari hajmi 409 milliard so‘mni tashkil etgan. Bu davr mobaynida jami 620 kompaniya mamlakatga 422 million dollarlik 105 turdagi mahsulot olib kirgan. Ulardan 305 subyekt bojxona imtiyozlarini qo‘llagan holda 283,5 million dollarlik 81 turdagi mahsulotni import qilgan. 211 million dollarlik mahsulot olib kirgan 25 yirik kompaniya esa 280 milliard so‘mlik imtiyozdan foydalangan. Jami importchilarning 4 foizigina mamlakatga 50 foiz oziq-ovqat mahsulotlari olib kirib, qariyb 70 foizlik bojxona imtiyozlariga ega bo‘lgan.
Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, bunday imtiyozlar qo‘llanilgani bilan mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlarining tannarxi aholi talab-ehtiyojini qondira olmaydi. Bu esa sohada adolatli tartib joriy etishni, ya’ni barcha tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tenglashtirish lozimligini taqozo etadi.
Ma’lumki, 2018-yil 1-fevraldan boshlab oziq-ovqat tovarlarini import qilish bo‘yicha ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga taqdim etilgan individual bojxona, soliq hamda boshqa imtiyozlar va preferensiyalar bekor qilindi. Bundan tashqari, 1-fevraldan iste’mol tovarlarini respublika tovar-xomashyo birjalarida sotish (sotib olish)ga taqiq bekor qilindi. Shakar ishlab chiqaruvchilar 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatga import xomashyosi asosida ishlab chiqarilgan hajmlar qismiga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod etildi. Iste’mol tovarlarini tovar-xom ashyo birjalarining ochiq elektron savdolarida sotish (sotib olish) uchun ulgurji savdoni amalga oshirishga litsenziya mavjudligi talab qilinmaydigan bo‘ldi.
O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalari rahbarlari bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishda sun’iy to‘siqlar yaratish, sansolarlik va suiiste’molchilik holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun shaxsiy javobgarligi haqida qat’iy ogohlantirildi.
Bu vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ishonchli ta’minlash, rastalarni xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Izoh (0)