Toshkentda 12-fevral kuni Janubiy Koreya bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri Kim Dong Yon boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan biznes-muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Unda Janubiy Koreyaning Tashqi ishlar, Savdo, sanoat va energetika vazirliklari, ishbilarmon doiralarining 60 dan ziyod vakili, O‘zbekistondan tashqi savdo, sarmoya, energetika, avtomobilsozlik, qurilish, kimyo, yengil sanoat, tibbiyot, ta’lim, transport va transport kommunikatsiyalari, axborot texnologiyalari hamda sayyohlik sohalari uchun mas’ul vazirlik va idoralar, kompaniya va konsernlar rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari S. Xolmurodov, Janubiy Koreya bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri Kim Dong Yon va boshqalar O‘zbekiston — Janubiy Koreya hamkorligi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy sohalarda tobora rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Forumda O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati haqida videorolik namoyish etildi. Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi A. Ahmadxo‘jayev mamlakatni iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi taqdimotini o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildi.
Janubiy Koreya delegatsiyasi, shuningdek, Toshkentdagi Inha universitetiga tashrif buyurdi.
Izoh (0)