AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Amerikaning Guantanamodagi (Kuba) harbiy-dengiz bazasida joylashgan terrorchilar uchun maxsus qamoqxona ishini yaqin kelajakda to‘xtatish uchun asos ko‘rmayapti. Bu haqda 5-fevral, dushanba kuni Davlat departamentining terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha koordinatori Neytan Seyls Nyu-Yorkning xalqaro aloqalar bo‘yicha kengashidagi chiqishida ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Harbiy davr qonunlari bo‘yicha hibsga olish imkoniyati saqlanib qolishi kerak. Ma’muriyat buni vaziyat talab qilsa kelajakda mazkur vositani qo‘llash huquqini saqlab qolmoqchi ekanligimizni tushunish imkonini berdi”, — deydi Davlat departamenti vakili.
Seylsning aniqlik kiritishicha, Tramp ma’muriyati nuqtai nazariga ko‘ra, Vashington ekstremistlarni Guantanamodagi maxsus qamoqxonaga qamash huquqiga ega, chunki AQSh terrorizmga qarshi 2001-yilda e’lon qilingan urushni hamon davom ettirmoqda.
Izoh (0)