Bu yil 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni ajoyib tarzda nishonlanganiga guvoh bo‘ldik. Yirik shaharlarda uyushtirilgan paradlar va boshqa tadbirlar sanaga tantanavor ruh va hayotiylik bag‘ishladi. Lekin mana shunday kunlarda ham ijtimoiy tarmoqlarda dilni xira qiladigan holatlarga duch keldim. Bu safargi mojaroda sizu biz kabi oddiy fuqaro emas, zimmasiga jiddiyroq mas’uliyat yuklangan deputat ishtirok etdi.
Alisher Kadirov Oliy Majlis deputati sifatida 2017-yili ko‘zga ko‘ringan edi. Xalqaro press-klub yig‘ilishlarida, “Munosabat” tok-shousida turli masalalarda, jumladan, o‘zbek tili, tungi klublar, Borovskiy kollejidagi fojia haqida bildirgan dadil va zamonaviy fikrlari tufayli e’tirofga sazovor bo‘lgan edi. Mana shunday umidli arbobning bu kabi mojaroga aralashib qolishi eng ajablanarlisi bo‘ldi.
Boshidan boshlaylik. Bayram munosabati bilan turli guruhlarda va sahifalarda tabriklar yog‘ilayotgan paytda Facebook’dagi “Rais buva” sahifasi hazillashishga qaror qildi va quyidagi mazmunda post e’lon qildi:
Keyinroq boshqa sahifalar va guruhlar, jumladan, Uzbek MDK sahifasi ham Facebook va Telegram orqali karikaturani qaytadan chop etdi.
Bu suratni har kim turlicha talqin qildi: kimdir kinoya ko‘rgan bo‘lsa, yana kimdir “dehqoncha” hazil o‘laroq qabul qildi. Lekin Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Alisher Kadirov boshqacharoq fikrga keldi: unga ko‘ra, bu beozor hazilda “diversiya” bor ekan:
Alisher Kadirov “Xalq ovozi” guruhida qoldirgan bu posting jiddiy bahslarni keltirib chiqardi. Ko‘pchilik “diversiya” nimada ekanligini tushunmaganini tan oldi, yana ba’zi birovlar deputatga har yerdan fitna qidirmaslikni, yaxshisi deputatlik ishlari bilan band bo‘lishni tavsiya qildi.
“O‘zbekni ketmonga mindirib uchirgan mashhur kinorejissor Zulfiqor Musoqov bo‘ladi. O‘zbekni zimdan ‘tahqirlagan’ bo‘lmasin, uning ham avlodini bir surishtirib ko‘ringlar, o‘rtoq ‘vatanparvarlar’”, — deb yozadi foydalanuvchilardan biri Shukurjon Islomov.
“Pashshadan fil yasamanglar. Xuddi biror narsani o‘zgartira oladigandek”, — ta’kidlaydi yana bir foydalanuvchi.
Bunday gaplardan so‘ng Alisher Kadirov e’tiroz bildiruvchilar bilan qizg‘in munozaraga kirishib ketdi, tanqidiy fikr bildirganlarni “xoinlik”da va “jamiyatga foyda keltirmaslik”da ayblay boshladi. Ayniqsa uning o‘zbek siyosatshunosi, shu kunlarda AQShda Bilig Brains loyihasi tahlilchisi sifatida faoliyat yuritayotgan Rafael Sattorov bilan bahsi keskin tus oldi: deputat yosh mutaxassisni “xiyonat”da, “vatanga dushman”likda, o‘zbek tilini bilmaslikda aybladi:
Tan olish kerak, uning tarafdorlari ham, opponentlari ham qolishmadi, natijada guruhda xunuk va haqoratlarga boy bahs yuzaga keldi.
Keyinroq u o‘z sahifasida alohida posting bilan chiqib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchilarini (Rafael Sattorov hamda bahsning yana bir ishtirokchisi Avaz Tohirov — universitet bitiruvchilari) “beshinchi kolonna”likda, “qochoq”likda, “yaloqxo‘r”likda aybladi:
Ochig‘i, katta lavozimda o‘tirgan, respublikaning ma’naviy qiyofasini shakllantirishda muhim o‘rin tutadigan amaldorning Facebook’da o‘zini bu tarzda tutishi meni hayron qoldirdi.
Avvalo, ta’kidlab o‘tish kerakki, faqat maqtov yog‘dirib “ochko” ishlash, ozgina tanqidiy fikr bildirganlarni xoinga, xalq dushmaniga chiqarib, ovozini o‘chirish zamoni allaqachon o‘tib ketdi: Prezident o‘z chiqishlarida o‘rinli tanqid muhimligini va hatto zarurligini ko‘p bora takrorladi. Ilgari shu turdagi odamlar tomonidan “chetda yurgan dushmanlar” deb e’lon qilingan BBC O‘zbek xizmati, “Amerika ovozi” kabi media vositalari ham aslida dushman emasligini bildik. Mamlakatning rasmiy agentliklari-yu, yirik axborot vositalari ham tanqidiy chiqishlar qilyapti. Lekin bir guruh odamlar bor ekanki, ular hali ham eski zamonda yashayotgan ekan va eski uslublarda ishlashga urinayotgan ekan.
Ish borki, kamchilik albatta bo‘ladi, fuqarolarning, mutaxassislarning, jurnalistlarning vazifasi — ana shunday kamchiliklarni oshkor etish, ularning bartaraf etilishiga erishish. Ustiga gard yuqtirmaydigan, kamchiliklarga ko‘z yumib, chiroyli so‘zlar aytishni joyiga qo‘yadigan ayrim mas’ullar buni hali tushunmagan ko‘rinadi. O‘zbekistonning kelajagi bo‘lgan yosh mutaxassislarni ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ikki-uchta kamchilikni aytgani uchun xiyonatda ayblash, erkin fikrni bo‘g‘ishga intilish xalqning oliy hokimiyatdagi vakili bo‘lmish deputatga yarashadigan ishmi?
Ikkinchidan, Rafael Sattorov va boshqalarning nuqtai nazari noto‘g‘ri ham deylik. Shunda ham savol tug‘iladi: deputatning, siyosatchining etikasi, kasbiy odobi qayerda qoldi? Mamlakatning oliy hokimiyat organi bo‘lmish Oliy Majlis a’zosi o‘zini nihoyatda bosiq va madaniyatli tutishi, ochiq ixtiloflarga bormasligi, hatto haqiqiy “xoin”lar bilan ham so‘kishish darajasida bahslashmasligi zarur emasmi?
Bu borada Rafael Sattorovning fikrlarini oldik:
Tan olish kerakki, mamlakatda o‘ziga xos insonlar kategoriyasi shakllanib qolganki, ular ijtimoiy hayotning ko‘p sohalarida o‘rnashib olgan: maorif sohasida, OAVda, hatto hokimiyat organlarida. Ikki o‘n yillik davomida ular fikrlash va haq-huquqini talab qilish qobiliyatini yo‘qotib, xushomadgo‘y va zamonasozga aylanib qoldi. Ular doimiy ravishda va ommaviy tarzda oliy qadriyatlar haqida gapiradi, lekin bu qadriyatlarning asl mohiyati haqida hech narsa bilmaydi, yoki hech qanday qadriyatlarga ega emas. Bu odamlar axloq-odob, vatanparvarlik, ma’naviyat, mentalitet kabi oliy qadriyatlarni o‘z monopoliyasi deb bilib, ularni ham o‘z yo‘liga solib, to‘g‘ri-noto‘g‘riga ajratib oldiki, bu borada biroz farqli fikr bildirganlarni chetga surib chiqarib qo‘yishga urinadi. Shu qadriyatlarni himoyalash bahonasida ular o‘ta g‘azabli va tajovuzkor shaklda boshqa qarashlarni yo‘q etishga harakat qiladi.Alisher Kadirov bilan hozircha bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. So‘rovga javob berishi bilan uning munosabati ham e’lon qilinadi.“Milliy tiklanish” partiyasi deputati Alisher Kadirov bundaylarga misol bo‘la oladi: u bir hazilomuz karikaturani deb olamshumul shovshuv ko‘tardi, unda jiddiy tahdid va hatto O‘zbekistonga qarshi fitna ko‘rdi. Boshqa mamlakatda uning fe’liga psixolog qiziqish bildirgan bo‘lar edi, ammo biz Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining axloq qo‘mitasiga umid qilib turibmiz — u janob Kadirovning o‘ta tajovuzkor ohangi, oddiy fuqarolarga nisbatan tuhmatini ko‘rib chiqishi zarur.
Rostini aytganda, deputatning, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining bunday reaksiyasi meni hayron qoldirdi. Ommaviy maydonda bunday haqoratli ohangni hali uchratmagan edim. Shunchaki tadqiqot ishi yuzasidan vaqtinchalik AQShda bo‘lib turganim uchun u meni “vatanni sotish”da aybladi. Shuningdek, o‘zbek tilida yozmaganim uchun meni “oqpadar” deb e’lon qildi.
Bu nimadan dalolat? Afsuski, uzoq yillar mobaynida mamlakatda u yoki bu ijtimoiy tendensiyalarning noto‘g‘ri talqini shakllanib qolgan. Masalan, amaldor o‘zini avtomatik tarzda vatan timsoli sifatida ko‘radi, agar uni tanqid qilsang, demak, vatanni sotganga chiqarilasan. Bu kabi tasavvurlar ancha chuqur ildiz otgan, ularni yo‘qotish uchun jurnalistlar, jamoat vakillari va ziyolilar og‘ir mehnat qilishi lozim bo‘ladi.
Yangilanish: Maqola chop etilgach, Alisher Kadirov so‘rovga javob berdi, lekin keng izoh berishdan bosh tortdi. Uning qisqa munosabatini keltirib o‘taman:
Men 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuniga Uzbek MDK axborot resursining vatan himoyachilariga eng yaxshi sovga sifatida ketmonni berishini haqorat deb hisoblayman. Bu mening fikrim.
Rafael Sattorov haqidagi fikrlarimni sizning noxolis sharhingizdan kelib chiqib siz bilan muhokama qilmaslikka qaror qildim. Ushbu mavzuda ijtimoiy tarmoqlar orqali fikrimni kuzatib boring.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)