Toshkentning “Bunyodkor” klubiga qarashli akademiya o‘z safiga Komiljon Ismoilovni qo‘shib oldi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangiyo‘llik yosh bolakayga orzulari amalga oshishi uchun yordam berdi, deb yozilgan xabarda. 5-yanvar kungi Yangiyo‘lga tashrifi davomida Mirziyoyev “Fayzli” mahallasida bo‘lib, unda istiqomat qilayotgan oilalardan biri bilan uchrashgandi. Unda Mirziyoyev bilan suhbatda bo‘lish baxtiga musharraf bo‘lgan bolakay, “Bunyodkor” futbol maktabi tarbiyalanuvchisi bo‘lishni orzu qilishi haqida aytib o‘tgan.
Shavkat Mirziyoyev bolakayga “orzuing amalga oshdi, deb hisoblayver”, — deya ishonch bilan ta’kidlagan va yosh futbolchiga quvonch ulashgan. Oradan ko‘p o‘tmay, “Bunyodkor” rahbariyati Komiljon Ismoilov bilan bog‘lanib, uni klubga taklif qilgan.
Prezidentimiz bilan uchrashuv hayotimni o‘zgartirib yubordi. Yangiyo‘lda 3—4 yildan beri futbol bilan shug‘ullanib kelaman. Yanada kuchliroq bo‘lish istagida “Bunyodkor” akademiyasida tahsil olishni orzu qilardim. Hozirda juda baxtiyorman.O‘zim “Bunyodkor”ning ashaddiy ishqiboziman. Rustam Ashurmatov, Akram Komilov kabilarning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib boraman. O‘ylaymanki, men ham shu akalarim singari yaxshi futbolchi bo‘lib yetishaman.
Komiljon Ismoilov, “Bunyodkor” futbol maktabi tarbiyalanuvchisi
Izoh (0)