BMT sobiq bosh kotibi Pan Gi Munning 30 yoshli jiyani Manxetten sudida Qatar mansabdoriga pora berish bilan bog‘liq kelishuvda ishtirok etganini tan oldi. Bu haqda “Izvestiya” xabar bermoqda.
Pan Chu Xen Nyu-Yorkda ko‘chmas mulk sotish bo‘yicha agent bo‘lib ishlardi. Uning otasi (Pan Gi Munning ukasi) Pan Gi San maslahatchi bo‘lgan Keangnam Enterprises firmasi 2013-yilda moliyaviy muammolarga duch keladi va Pan Chu Xendan Vyetnamdagi ko‘chmas mulk uchun investor topishni so‘raydi. Buning evaziga unga 5 million dollar mukofot va’da qilinadi.
Ota-o‘g‘il Qatar investitsiya fondi Vyetnamdagi binolar kompleksini sotib olishiga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan mansabdorga pora berish sxemasini tashkillaydi. Biroq bunda vositachilik qilishi ko‘zda tutilgan shaxs berilgan pullarni o‘zlashtirib yuborgani sababli bu ish amalga oshmaydi.
Pan Chu Xenga 10 yil qamoq jazosi berilishi mumkin. Uning otasi yashirinishga ulgurgan.
Izoh (0)