Osiyoda ayiq safrosi barcha kasalliklarning davosi sifatida qo‘llanadi. Hayvonlar himoyachilari bu shafqatsiz amaliyotga qarshi kurash olib bormoqda va yaqinda Vyetnamda to‘rtta ayiqni qutqarishga muvaffaq bo‘ldi, deb yozadi National Geographic nashri.
Ayiq safrosining inson salomatligiga foydasi bo‘yicha ilmiy dalillar yo‘q, biroq Osiyoda uning shifobaxsh xususiyatlariga ishonishadi. Safroga bo‘lgan talab yuqoriligicha qolmoqda, shuning uchun Himolay ayiqlari yoki biruanglar tor qafaslarga solinib, shafqatsiz jarayonlarga duchor etiladi.
Safro olishning bir nechta usullari mavjud, biroq ularning barchasi jarrohlik aralashuvini taqozo etadi. Buning oqibatida ayiqlar nafaqat jismoniy og‘riq, balki jiddiy stressni boshdan kechiradi.
Vyetnamda bu amaliyot 1992-yilda taqiqlangan, biroq hukumat buni deyarli nazorat qilmaydi. Mamlakatda faoliyat yuritayotgan 400 ga yaqin noqonuniy fermada 1 300 ta ayiq saqlanadi. Yaqinda Four Paws tabiatni qo‘riqlash uyushmasi to‘rtta Himolay ayig‘ini qutqarishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning hammasi uzoq reabilitatsiyaga muhtoj edi. Hai Chan laqabli ayiqning esa old panjalari amputatsiya qilingan edi. Bu ham Osiyoda tarqalgan yana bir shafqatsiz an’ana natijasi: ayiq panjalari asosida juda qimmatbaho va “shifobaxsh” vino tayyorlanadi.
Hozirgi paytda Hai Chan va uning turdoshlari hayoti xavf ostida emas. Barcha azoblarga qaramasdan, panjalari kesib tashlangan ayiq hayotga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotmadi va ko‘p yillardan buyon ilk bor maysalar ustida o‘rmaladi.
Izoh (0)