Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalaridan biri — Lotte Group asoschisi Sin Gyokxo 4 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Aqliy zaiflikka mubtalo bo‘lgan 95 yoshli Gyokxo va uning 3 nafar farzandiga nisbatan o‘tgan yili soliqlardan bo‘yin tovlash va firibgarlikda ayblov e’lon qilingandi.
Tergovga ko‘ra, Lotte Group asoschisi kompaniya hisob raqamlaridan kamida 128,6 milliard vonani (119 million dollar) yaqinlariga o‘tkazib bergan. Sud apellyatsiya ko‘rib chiqilgunga qadar uni salomatligi sabab ochiqlikda qoldirishga qaror qildi.
Gyokxoning o‘g‘li Donbin 20 oydan iborat shartli jazo oldi. Qizi Sin Yun-Ya ikki yil qamoq jazosiga hukm qilindi, katta o‘g‘li esa aybsiz deb topildi.
Izoh (0)