O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi 2017-yil yakunlari bo‘yicha hisobotini e’lon qildi. Hujjat TIV rasmiy saytida joylashtirildi.
Hisobotda o‘tgan davr mobaynida chet el davlatlari va xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik masalalariga birlamchi e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanishicha, hisobot davrida 20 dan ortiq oliy darajadagi tashriflar bo‘lib o‘tdi, 60 dan ziyod davlat va xalqaro tuzilmalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Xorijiy hamkorlar bilan tashkil etilgan turli darajadagi uchrashuvlar, muzokaralar va tashriflar natijasida 200 dan ortiq xalqaro kelishuvlar hamda 60 milliard dollarga teng shartnoma va bitimlar imzolandi.
Bundan tashqari, mintaqa davlatlari rahbarlari bilan 20 dan ziyod uchrashuvlar, oliy darajadagi 10 ta davlat, rasmiy va ishchi tashriflari amalga oshirildi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo yo‘nalishidagi faol siyosati tufayli mintaqada nizo kelib chiqishi ehtimolligini oshiruvchi omillar deyarli bartaraf etildi. Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish, do‘stlik va ahil qo‘shnichilik muhitini yaratish g‘oyalari amaliyotga tatbiq etildi.
Izoh (0)