Denis Istomin bugungi kunda O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi hisoblanadi. Aslida u Orenburgda tavallud topgan va keyinchalik O‘zbekiston fuqaroligini qo‘lga kiritgan.

“Olamsport” nashrida aksincha, O‘zbekistonda tug‘ilib, keyinchalik faoliyatini boshqa mamlakatlarda davom ettirishga qaror qilgan sportchilar borasida maqola chop etildi. Muallif Xusniddin Mirzaliyev bunda to‘rt nafar raketka ustasiga e’tibor qaratib o‘tgan.

Varvara Lepchenko

Lepchenko Varvara Petrovna 1986-yilning 21-may kuni Toshkentda tug‘ilgan. U Butrus hamda Larisa Lepchenkolar oilasida dunyoga kelgan, Jane ismli singlisi ham bor.

Foto: “Olamsport”

Toshkentlik tennischi yetti yoshidan tennis o‘ynashni boshladi. Faoliyatining dastlabki yillarida Varvara O‘zbekistondagi xalqaro musobaqalarda qatnashdi. Biroq federatsiya bilan ziddiyat tufayli, u keyinchalik o‘z chiqishlarini to‘xtatdi.

2000-yildan buyon Lepchenko AQShning Nyu-York shahrida doimiy yashaydi. 2007-yilning 17-sentabridan esa AQSh bayrog‘i ostida musobaqalarda ishtirok etishga harakat qildi. 2011-yilga kelib Varvara AQSh fuqaroligini qo‘lga kiritgan bo‘lib, shundan so‘ng u rasman amerikalik raketka ustasi sifatida turnirlarda tanishtirila boshlandi.

Varvara faoliyati davomida 10 dan ortiq ITF musobaqalarida g‘alaba qozongan. Bir marta WTA turnirida finaligacha yetib borgan. U TOP-100’ning doimiy a’zolaridan biri. Lepchenkoning reytingdagi eng yuqori ko‘rsatkichi 2012-yilning 10-oktabriga to‘g‘ri keladi. O‘shanda tennischi 19-o‘ringacha ko‘tarila olgandi. Hozirgi esa 63-pog‘onadan joy olgan.

Marsel Ilhan

Bu tennischining asl ismi Hamdamov Marsel Qahhorovich. U 1987-yil 11-iyun kuni Samarqandda tug‘ilgan. Ayni vaqtda Turkiya sharafini himoya qiladi.

Foto: “Olamsport”

Marsel — Qahhor hamda Mariya Hamdamovalarning yagona o‘g‘lidir. U 6 yoshidan boshlab Samqaranddagi sport maktabida tennis bilan shug‘ullandi. 2006-yilning kuzida familiyasini Ilhan deb o‘zgartirdi va Turkiya bayrog‘i ostida musobaqalarda ishtirok eta boshladi. Hozirda Istanbul shahrida yashaydi.

Ilhan shu kunga qadar chellenjerning 4 ta musobaqasida, fyuchers turkumiga kiruvchi musobaqalarning yakkalikda 18 tasida, juftlik bellashuvlarida esa 2 marta g‘alaba nashidasini surgan. Reytingdagi eng yuqori cho‘qqisi 2015-yilning 2-martiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda Marsel 77-o‘ringacha ko‘tarila olgandi.

Shundan so‘ng sportchini ketma-ket jarohatlar bezovta qila boshladi. Hozirgi vaqtda 305-pog‘onani egallab turibdi.

Vlada Yakshibarova

1989-yilning 14-martida O‘zbekistonda tug‘ilgan Vlada Yakshibarova professional faoliyatini 2003-yilda boshlagan va 2016-yilgacha O‘zbekiston sharafini himoya qilgan. Tennischiga Dror Divish hamda otasi Kostya Miller murabbiylik qilardi.

Foto: “Olamsport”

U 2016-yildan buyon Isroil sharafini himoya qilmoqda. Faoliyati davomida ITF turkumiga kiruvchi musobaqalarning 20 tasida g‘olib chiqqan. Shulardan 8 tasida Vlada yakkalikda, 12 marotabasida juftlikda zafar quchgan. Reytingdagi eng yuqori natijasi 2008-yilning 14-iyuliga to‘g‘ri keladi —352-o‘rin.

Faoliyati davomida Vlada Turkiya, Isroil, Tailand, Qozog‘iston kabi davlatlar mezbonligida o‘tgan musobaqalarni yutgan.

Gleb Saxarov

Foto: “Olamsport”

Yuqoridagi tennischilar orasiga Gleb Saxarovni ham qisman qo‘shsak bo‘ladi, deb yozgan muallif. U 1988-yilning 10-iyunida Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Biroq o‘smirlik davrida Fransiyaga ko‘chib o‘tgan. Hozir Fransiya fuqarosi hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston uchun xalqaro musobaqalarda umuman ishtirok etmagan.

Gleb faoliyati davomida fyuchers turkumiga kiruvchi musobaqalarning yakkaligida 10 marta, juftligida 9 marta zafar quchgan. Bu mavsum Gleb uchun ayniqsa omadli kelib, u 13-noyabr kungi reytingga ko‘ra, o‘zi uchun eng yuqori bo‘lgan 155-o‘ringacha ko‘tarildi.