2018-yildan boshlab Pro-Liga nomini oladigan futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasida 24 yoshdan katta futbolchilar to‘p surishi mumkin. Bu haqda PFL bosh direktori Omon G‘ofurov “Championat.asia” saytiga ma’lum qilgan.
Bungacha mazkur ligaga 24 yoshdan katta futbolchilar qo‘yilmasligi borasida qaror chiqarilgandi. Bu qaror futbol jurnalistlari tanqidiga uchradi. G‘ofurovning aytishicha, PFL liga klublarining iltimosini yerda qoldirishni istamagan va o‘z qaroriga o‘zgartirish kiritgan.
Unga ko‘ra, Pro-Ligada maydonga tushadigan futbolchilarning 60 foizi 24 yoshdan kichik bo‘lishi kerak. Qolgan 40 foiziga esa yosh cheklovi qo‘yilmaydi. Bu mezonlar 11 kishi maydonga tushadigan futbolda qanday hisoblab chiqilishiga oydinlik kiritilmagan.
Avvalroq Omon G‘ofurov “Sport” telekanalida chiqish qilib, Farg‘onaning “Neftchi” klubi Pro-Ligaga tushib ketmagani haqida aytgandi. Vaholanki, Super Ligada 12 ta jamoa qolishidan kelib chiqib, 15-o‘rinni egallagan klub quyi ligaga tushib ketishi belgilab qo‘yilgandi.
Izoh (0)