O‘zbekiston Oliy Ligasining 2016-yilgi mavsumida 12-o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmasligi ma’lum bo‘lgan Farg‘onaning “Neftchi” klubi, o‘z tarixida ilk bor quyi ligaga ravona bo‘lgandi.

Foto: PFL

Farg‘onaning “Neftchi” klubi Vadim Abramov boshqaruvida tarixda ilk bor Oliy Ligadan tushib ketdi

Kecha — 16-noyabr kuni Sport-TV kanalining “Gol” ko‘rsatuvida mehmon bo‘lgan PFL bosh direktori Omon G‘ofurov, xulosaga shoshilmaslik kerakligini ta’kidladi va “Neftchi” Birinchi Ligaga tushib ketmaganini ma’lum qildi.

“Neftchi” vakillari jamoa Birinchi Ligaga tushib ketgani haqidagi turli OAVlarda berilgan xabarlar haqiqatga qanchalik to‘g‘ri kelishi borasida bizdan so‘radi. Vaholanki, PFL rasmiy saytida bunday ma’lumot hali chiqmadi. Demak, “Neftchi” Oliy Ligadan tushib ketmadi.

Omon G‘ofurov, PFL bosh direktori

Tashkilot rahbarining aytishicha, 2018-yilni Oliy Ligada o‘tkazishni istagan klublar litsenziyalash masalasini to‘g‘ri hal qilishi shart. Shunday xulosaga kelish mumkinki, Oliy Ligada 11-o‘rindan pastga tushib ketgan jamoalar ham elitadagi o‘rnini saqlab qolishi mumkin. Bunda o‘sha jamoa litsenziyalashni to‘g‘ri bajarishi, 11-o‘rindan yuqorida bo‘lgan qaysidir klub esa aksincha, ishni hal qila olmasligi kerak.

Vadim Abramov: Jamoalar 12 ta qolar ekan. Futbolchilar shokda, mashg‘ulotlarni yig‘ishtirib qo‘yaveraylikmi?

PFL sayti bungacha 2017-yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, Oliy Ligada 1—11-o‘rinlarni egallagan klublar o‘z o‘rnini saqlab qolishi, qolganlar esa Birinchi Ligaga surgun qilinishi, o‘z navbatida, Birinchi Liga chempioni Oliy Ligaga qo‘shilishi haqida bayonot berib ulgurgandi. 2017-yil startida esa Oliy Liga klublari bundan voqif qilinmagandi.

2018-yildan boshlab O‘zbekiston Oliy Ligasida 12 ta futbol klub qoladi. Qolganlar quyi ligaga surgun bo‘ladi

“Neftchi”dan tashqari, “Sho‘rtan” va “Obod”ning ham Oliy Ligada o‘ynamasligi oydin bo‘lib ulgurgandi. “Obod” chempionatdan chetlashtirildi. “Sho‘rtan” ligada muvaffaqiyatsiz ishtirok etgani barobarida, FIFA talabiga ko‘ra ham kelasi mavsumni quyi ligada o‘tkazishi kerak edi.