Imkoniyati cheklangan yosh futzalchilardan tuzilgan O‘zbekiston terma jamoasi Jahon Chempionatida zafar quchgani uchun taqdirlandi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar berdi.
Zaif eshituvchi sportchilardan tashkil topgan jamoa Tailand mezbonligida o‘tgan World Deaf Futsal Championship musobaqasida barcha raqiblarini yengishga muvaffaq bo‘lgandi. Bunda jamoaga 18 yoshgacha bo‘lgan futzalchilar jalb qilingandi.
O‘FF o‘zining majlislar zaliga qahramon sportchilar, ularning murabbiylari va yaqinlarini yig‘ib, esdalik sovg‘alar topshirgan. Jahon Chempionatida yuksak g‘alabaga erishib, vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘targan futzalchilar va murabbiylarga O‘FF prezidenti nomidan vitse-prezident Shoakrom Isroilov esdalik sovg‘alar ulashdi, deb yozilgan xabarda.
O‘zbekistonlik futzalchilar guruh bosqichida ketma-ket uch g‘alabaga erishgandi: Shvetsiya 5:3, Indoneziya 17:2 va Kuvayt 9:2. Ular yarim finalda turnir favoriti sifatida e’tirof etilgan Rossiyadan ustun keldi — 3:2. Finalda esa Shvetsiya ustidan yana bir marta zafar quchildi — 4:2. Quyida terma jamoa tarkibi keltirib o‘tilgan.
O‘zbekiston U18
- Mirazamat Obidov
- Xo‘jamurod Norxo‘jayev
- Rustam G‘oipov
- Jaloliddin Sobitbekov
- Jaloliddin Qarshiyev
- Farrux Abdullayev
- Davron Sharofuddinov
- Akobir Shokirjonov
- Xabibullo Tolibov
- Mirzabek Ikromov
Musobaqa davomida eng yaxshi darvozabon va eng yaxshi to‘purar sovrinlari ham o‘zbekistonlik sportchilarga nasib qilgan.
Izoh (0)