Chinozlik Ahmadboyning shogirdlaridan biri sifatida ta’riflangan Nuriddin Abulg‘oziyev sud qilindi. Bu haqda 27-noyabr kuni “O‘zbekiston 24” telekanalining “Axborot 24” dasturida ma’lumot berildi.

Nuriddin Abulg‘oziyev. Kadr: “Axborot 24”

Xabar berishlaricha, 1979-yilda tug‘ilgan yangiyo‘llik Nuriddin Abulg‘oziyev uch sherigi bilan birga “Dilshod Avto Savdo” kompaniyasiga asos solib, hujjatlarga ko‘ra, avtomobil oldi-sotdisida vositachilik faoliyati bilan shug‘ullangan. Biroq tergov jarayonida firma bir niqob bo‘lgani, aslida Nuriddin Abulg‘oziyev moliyaviy piramidaga asos solgani ma’lum bo‘lgan.

Nuriddin Abulg‘oziyev, xuddi chinozlik Ahmadboy singari, juda katta miqdorda foiz to‘lovi va’dasi bilan aholidan pul, qimmatbaho taqinchoqlar, mol-mulk va avtotransport vositalarini qabul qilgan. Olingan boyliklar eski omonatchilarning foiz to‘lovlarini qoplash uchun yo‘naltirilgan, qolgan pulni esa u o‘z ehtiyoji yo‘lida sarflab yuborgan.

“Aldangan kishilar soni yuzlab, firibgarlarning aylanma pullari esa milliardlab so‘mni tashkil qildi”, — deydi “Axborot 24” muxbiri.

Telelavhada Nuriddin Abulg‘oziyev jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudida sud qilingani, unga nisbatan tegishli jazo choralari ko‘rilgani ta’kidlanadi. Tuman sudi raisi Bahrom Toshpo‘latovning so‘zlariga ko‘ra, Abulg‘oziyevga nisbatan ilgari surilgan ayblovlar o‘z isbotini topgan, aybdorlarga tegishli jazo tayinlangan.

Biroq lavha davomida Nuriddin Abulg‘oziyevga nisbatan qanday ayblov e’lon qilingani va unga nisbatan qanday jazo chorasi qo‘llanilgani haqida aniq ma’lumot berilmagan. Sudya Toshpo‘latovning qo‘shimcha qilishicha, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar sudlanuvchilar hisobidan undirilishi belgilangan.

Bundan tashqari, sud sudlanuvchilar hali o‘z ixtiyoriga o‘tkazib ulgurmagan pul mablag‘lari va avtomobillarni qonuniy egalariga qaytarish haqida qaror chiqargan. “Axborot 24”da ma’lum qilinishicha, bunday avtomobillar soni 125 tani, pul mablag‘lari miqdori esa 700 million so‘mni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, Nuriddin Abulg‘oziyev uning ustozi deb aytiladigan chinozlik Ahmadboy qo‘lga tushganidan ko‘p o‘tmay — 2016-yil iyun oyida hibsga olingani ma’lum bo‘lgan edi (dastlab, Ahmadboy qo‘lga olingani ma’lum bo‘lgach, Nuriddin Abulg‘oziyev o‘z yashash joyidan qochib ketgan).

Nuriddin Abulg‘oziyev. 2016-yil, iyun. Kadr: “Toshkent” telekanali

2016-yil 30-iyun kuni O‘zbekiston televideniyesi orqali efirga uzatilgan “Ahmad vasvasasi” nomli ko‘rsatuvda Nuriddin Abulg‘oziyev noqonuniy yo‘l bilan orttirgan boyliklari hisobiga Yangiyo‘l shahrida joylashgan ko‘p qavatli 140-uyning birinchi qavatini to‘liq sotib olib, u yerda fitnes-klub qurishni boshlab yuborgani, Toshkent shahridagi “Diyorbek” mehmonxonasiga, Zangiota tumanidagi “Yuksalish” to‘yxonasiga egalik qilishi aytilgan edi. Qo‘lga olinishi arafasida, u Qibray tumanida o‘zi uchun dang‘illama hovli qurdirayotgan bo‘lgan.

Nuriddin Abulg‘oziyev qo‘lga olingan vaqtda unga tegishli avtomobillar turar joyidan aholidan qabul qilib olingan 62 ta turli rusumdagi avtomobillar borligi aniqlangan. “Ahmad vasvasasi” ko‘rsatuvida Nuriddin Abulg‘oziyevdan tashqari, Ahmadboyning “shogirdlari”, “hamtovoqlari” deya ta’riflangan Quvonchbek Abdulqosimov va Mirzamurod Yunusaliyev (Murodboy) haqida ham so‘z borgan edi, biroq ularning hozirgi ahvoli haqida ochiq ma’lumotlar yo‘q.

Foto: UZ24

Qayd etish joiz, 2017-yil avgust oyida — qo‘lga olinganidan keyin bir yildan ko‘proq vaqt o‘tib, Ahmadboy ishi bo‘yicha sud eshituvlari boshlangan edi. 4-sentabga qadar ish bo‘yicha kamida uchta (9-avgust kuni, 14-avgust kuni, 24-avgust kuni) sud eshituvlari bo‘lib o‘tgan, sudda jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglangan edi. Sud majlislarida Ahmadboyning o‘zi ham qatnashgan.