Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II va uning turmush o‘rtog‘i shahzoda Filipp 20-noyabr, dushanba kuni platinali to‘y — nikoh qurganlarining 70 yilligini nishonlamoqda. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Mamlakat taxtini egallagan hech bir shaxs shu paytgacha turmushi bilan bog‘liq bunday yubileyni nishonlamagandi.
Bukingem saroyi vakillari bundan bir oy avval sana munosabati bilan tantanalar ko‘zda tutilmaganini bildirgandi. 91 yoshli Yelizaveta va 96 yoshli Filipp bu kunni Vindzor qal’asida o‘tkazadi. Biroq Sky News telekanali qirolicha va shahzoda oila a’zolari, yaqin do‘stlar uchun tadbir uyushtirishini ma’lum qildi.
18-noyabr, shanba kuni juftlikning platinali to‘yga bag‘ishlangan rasmiy fotosi e’lon qilindi. Britaniyalik taniqli fotograf-portretchi Mett Xoliouk unga mualliflik qildi.
Izoh (0)