Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan taqiqlangan materiallar hamda maxsus ruxsatnomalar talab etuvchi tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib o‘tishga harakat qilgan yo‘lovchi fosh etildi. Bu haqda “Daryo”ga davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegaralarini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslar o‘zlari bilan olib o‘tayotgan tovarlar haqida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovlari paytida ma’lum qilishi shart. Bu talabni “Domodedovo – Samarqand” yo‘nalishi bilan harakatlangan fuqaro N. Ismailov chetlab o‘tmoqchi bo‘ldi.
N. Ismailov bojxona xodimi bilan o‘tkazilgan og‘zaki so‘rovida o‘zi bilan olib kirilishi taqiqlangan audio va videoyozuvlar hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan tovarlar yo‘qligini ma’lum qildi. Ammo unga tegishli bo‘lgan bagaj va sumkalar bojxona nazoratidan o‘tkazilganda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 60 dona har biri 1 litr o‘lchamli idishlarga qadoqlangan “Akaritsid” nomli qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalariga qarshi ishlatiladigan dori vositasi, to‘rt dona Edam SE-3 markali eliktrokardiograf va bitta DUS 60 nomli tibbiyot moslamasi olib kirgani aniqlandi.
Shu bilan birga, N. Ismailovga tegishli uyali telefon tekshirilganda, unda 100 ta behayo videofayl borligi ma’lum bo‘ldi.
Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, uyali telefonda mavjud fayldagi video tasvirlar pornografik mazmunga ega ekanligi, “Akaritsid” nomli dori vositasi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida ruxsat etilgan himoya vositalari ro‘yxatiga kiritilmaganligi, olingan ikki turdagi tibbiyot buyumlarini sotish va tibbiyot amaliyotida qo‘llanishi taqiqlanganligi qayd etildi. N. Ismailovdan olingan tovarlarning qiymati salkam 90 mln. so‘mni tashkil etadi.
Unga nisbatan qonuniy jazo choralari ko‘rildi.
Izoh (0)