2017-yil yoz oyi oxirida kanadalik Dunkan Fergyuson vertolyotda Kanadaning shimoliy hududidan “Dyu” chizig‘iga yo‘l oldi. Bu Kanadaning uzoq arktik shimolidan Islandiyagacha cho‘zilgan radiolokatsiya stansiyalarini aniqlash tarmog‘idir. U Sovuq urush davrida paydo bo‘lgan va hozirga qadar raketa va quruqlikdagi qo‘shinlar hujumini birinchilardan aniqlash tizimi rolini bajaradi.
Fergyusonning vazifasi “Dyu” chizig‘i stansiyalaridan biridagi olti nafar olimni qo‘riqlashdan iborat edi. Qurol, binokl va pichoq bilan qurollangan Dunkan mutaxassislar va texnikani oq ayiqlardan himoya qilishi kerak edi.
TJournal kanadalikning hikoyasini biroz qisqartirib taqdim etadi.
Yo‘lga tayyorgarlik
“Dyu” chizig‘ini 1957-yilda Kanada va AQSh rasmiylari barpo etgan. U hozirgacha Shimoliy Amerika himoyasining asosiy aerokosmik obyekti hisoblanadi. U Shimoliy Amerikani “rus ayig‘idan” (gap Rossiya haqida bormoqda) himoya qilish uchun yaratilgan bo‘lsa, men stansiya xodimlarini oq ayiqlardan himoya qilishim zarur edi.
Bu hayvonlar — tajribali, sabrli va aqlli yirtqichlar. Agar ular sizni o‘lja sifatida nishonga olsa, bir necha kun davomida uzoq masofadan kuzatadi. Shu yo‘l bilan siz eng himoyasiz vaqtda hujum qilish uchun odatiy marshrutingizni eslab qoladi. Hech bo‘lmaganda bitta oq ayiqni o‘ldirish — juda jiddiy vazifa.
Sochma o‘q otadigan ov miltig‘i hayvon hujum qilishga tayyor bo‘lgan yaqin masofada yordam beradi. O‘q unga tegsa ham, arzimagan zarar yetkazishiga umid bor. Men yaxshi otaman, biroq hech qachon ov miltig‘i yordamida hayvonlarni o‘ldirmaganman. Oq ayiqni o‘ldirishni kim ham xohlardi? Bunga Kanadada hali ham ruxsat berilgan, biroq oxirgi yillarda ularning soni tobora ko‘proq tashvishlanishga sabab bo‘lmoqda.
Meni Raytheon kompaniyasi yollagan edi. Ishim “Doktor Streynjlav” syujeti va “Yura davri bog‘i” kartinasidagi Robert Maldun (dinozavrlar bog‘idagi qo‘riqchi) ishining aralashmasini eslatardi.
Ayiqlar bilan har kuni to‘qnashish mumkin bo‘lgan Kanada shimolida yillarni o‘tkazganman. Endi esa ilk bor 30 yillik pompa ov miltig‘i bilan Arktik stansiyaga yo‘l oldim.
Stansiyadagi hayot
Arktik stansiyada olti olim bilan ikki haftani o‘tkazdim. Bu katta radar gumbazlari, ikki vertolyot maydonchasi va bir nechta kichik binolar bo‘lgan kimsasiz hudud edi. Elektr va issiqlikni uchta dizel generatori berar edi.
Haqiqiy hojatxona o‘rniga parda ortidagi chiqindi yoquvchi bor edi, dush yo‘q — asosan nam salfetkalardan foydalanar edik. Stansiyadagi eng ommabop taom — konserva sho‘rvasi va qovurilgan kolbasa edi.
Stansiya ochiq hududda joylashgan bo‘lishiga umid qilgandim. Buning o‘rniga baza tepalikda joylashgan bo‘lib, uni uch tomondan qoyalar to‘sib turar ekan. Bunday joylashuvdan ayiqni faqat kichik masofadan ko‘rish mumkin.
Har kuni tonggi yettida turib, olimlar nonushta tayyorlagunga qadar ularni himoya qilishga otlanar edim. Bulutli yoki tumanli havoda oq ayiqlarni ko‘rish deyarli imkonsiz, shuning uchun stansiyadan faqat yaxshi havoda chiqardik.
Ayiq bilan uchrashuv
Arktikada ob-havoni oldindan bashorat qilish imkonsiz. Stansiyaga uchish imkonini uch kun kutdik va u yerda uch oy qolib ketishga tayyorgarlik ko‘rdik. Bir nechta mutaxassis loyiha tugagandan keyin ham yana uch hafta stansiyada yashaganligini esladi.
Kunning asosiy qismi quyoshli, biroq shamol suyakka yetib boradigan darajada sovuq edi. Har kuni kamuflyaj balaklava, barmoqsiz qo‘lqop va bir talay jun kiyimlar kiyar edim.
Ushbu bir vaqtning o‘zida xavfli va o‘ta zerikarli ish mohiyatini tasvirlab bera olmayman. Yoki Yerdagi eng yirik yirtqichlardan biri bilan to‘qnashuvni kutish, yoki hech narsa qilmaslikka majbursan. Menga o‘xshash qo‘riqchlar ruhiyati Arktikada alohida xavf ostida ekanligini aytishdi. Buning sababini bir haftadan so‘ng tushundim — ayiqni ko‘rish uchun hamma narsaga tayyor edim.
Bu vaziyat kechagi tongga qadar davom etdi (maqola 28-sentabr kuni chop etilgan). Stansiyaga kelganimizdan ikki hafta o‘tib, xohlagan narsamga erishdim. Uning erinchoqlik bilan ochilgan og‘zidan bug‘ chiqib turar edi. Ulkan oq massa bazamizga zarracha xavotirsiz yaqinlashdi.
Ayiqni yurishini kuzata turib, uni tezda suratga oldim va qurolni oldim. Bizni uncha katta masofa ajratib turmayotganligi ma’lum bo‘ldi. Ov miltig‘ini ko‘tarib, havoga ogohlantiruvchi o‘q uzdim. Ayiq ortga o‘girilib, tezda uzoqlashdi.
Hodisadan bir soat o‘tib ortimizdan vertolyot keldi va biz uyga jo‘nadik.
Izoh (0)