Toshkentda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi hamda mamlakatda koreys millatiga mansub yurtdoshlar yashay boshlaganining 80 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan festival boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Madaniyat anjumani poytaxtning “Zarqaynar” majmuasida koreys milliy liboslari namoyishidan boshlandi. Tadbirda mamlakatdagi diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, vazirlik va idoralar, madaniyat va san’at ixlosmandlari, yosh ijodkorlar, dizaynerlar va rangtasvir ustalari ishtirok etdi.
Modalar taqdimoti dizayner Jun Xo Kan tomonidan yaratilgan an’anaviy liboslar namoyishi bilan boshlandi. Mazkur liboslar milliy va zamonaviy andozalar uyg‘unligini o‘zida aks ettirgani bilan ajralib turdi.
Tinchlik va do‘stlik, inson va tabiat, o‘tmish va bugun, ezgulik, go‘zallik tarannumi sifatida yangragan koreys milliy kuy-qo‘shiqlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Festival doirasida koreys xalqining boy tarixi va madaniyati haqida hikoya qiladigan rang-barang taqdimotlar, modalar namoyishi, kino kechalari, qo‘shiqchilik va raqs san’ati bayramlari tashkil etiladi.
Izoh (0)