Toshkent tumani Keles shahrida 18 yoshli o‘smir tomonidan qotillik sodir etildi. Bu haqda Toshkent viloyati prokuraturasi xabar berdi.
17-sentabr kuni tungi vaqtda tumanda yashovchi Zeblin Andrey Sergeyevich (1999-yili tug‘ilgan) tumandagi uylardan biriga deraza orqali kirib, pichoq bilan qurollangan holda mazkur uyda yashovchi uxlab yotgan fuqarolarga hujum qilgan.
Yetkazilgan ko‘plab jarohatlar oqibatida bir ayol kishi halok bo‘lgan. Uning turmush o‘rtog‘i jinoyat vaqtida uyg‘onib, tajovuzkorni to‘xtatmoqchi bo‘lgan, biroq u ham og‘ir tan jarohatlari olgan. Ayni paytda erkak shifoxonaga joylashtirilgan.
Olib borilgan tezkor-tergov harakatlari natijasida A. Zeblin ushlandi.
Hozirgi vaqtda jinoyatning sabablari aniqlanmoqda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasdddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)