Rossiya tashqi ishlar vazirligi RFning AQShdagi diplomatik obyektlari “egallab olingan”ini da’vo qilmoqda hamda Vashingtondan ushbu “dushmanlik akti”ni bas qilib, obyektlarni darhol qaytarishni talab qilmoqda. Bu haqda RF TIV bayonotida aytildi, deb xabar beradi “TASS”.
2-sentabr kuni Rossiyaning San-Fransiskodagi bosh konsulligi hamda Vashingtondagi savdo vakolatxonasida AQSh Federal qidiruv byurosi tomonidan tintuv o‘tkazilgan edi. Shuningdek, Nyu-Yorkdagi savdo vakolatxonasining ijaraga olingan xonalariga Rossiya vakillari kiritilmayapti.
“AQSh rasmiylarini fikridan qaytib, Rossiya diplomatik obyektlarini darhol qaytarishga chaqiramiz. Aks holda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashayotgani uchun javobgarlik mas’uliyati AQSh zimmasiga tushadi”, — deyiladi bayonotda.
Muqaddam Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova tintuvlarni “masxarabozlik” deb atagan edi.
Izoh (0)