Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida Hazrati Xizr majmuasida bo‘lib, Birinchi Prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Facebook’dagi sahifasi orqali ma’lum qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifini Hazrati Xizr majmuasidagi mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi”, — deyiladi xabarnomada.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Islom Abdug‘aniyevich qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilinib o‘tganlar xotirasi yod etildi.
Davlat rahbari Islom Karimov maqbarasida olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Aytilishicha, ushbu majmuada Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan juda katta hajmdagi qurilish, hududni obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Davlat rahbarining ko‘rsatmalari asosida majmua loyihasi takomillashtirilib, maqbara granit va marmar bilan qoplandi. Maqbara peshtoqi va unga tutash ayvon milliy naqshlar asosida bezatilib, unga Qur’oni Karim oyatlari bilan birga Islom Karimovning hikmatli so‘zlari bitildi.
Prezident majmuada olib borilayotgan ishlarni mantiqiy yakuniga yetkazish, ziyoratchilarga tegishli sharoitlar yaratish, unga yondosh qabristonni obod qilish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Izoh (0)