Samarqandda O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykalini o‘rnatish, uning atrofidagi hududni obodonlashtirish ishlari faol davom etmoqda. Bu haqda samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev o‘z blogida ma’lum qildi.
Xabar berishlaricha, haykal Registon maydoni yaqinidagi sobiq Yo‘lbarslar xiyoboni hududiga o‘rnatilgan. “Avvallari bu yerda O‘zbekiston madaniyati va san’ati tarixi davlat muzeyining uch qavatli binosi bo‘lardi”, — deyiladi blogdagi xabarda.
Hozirda hududda obodonlashtirish bo‘yicha so‘nggi ishlar olib borilmoqda. Ko‘plab ishchilar plitkalar yotqizmoqda, gullar, ignabargli daraxtlar va kashtan ko‘chatlarini o‘tqazmoqda.
Qayd etishlaricha, haykalning balandligi 5,8 metrga, tagkursisining balandligi esa 5,5 metrga teng. Haykalning ochilishi Birinchi Prezidentning xotirasi kuni — 2-sentabrga qadar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Izoh (0)