Rossiyalik deputat prezident Vladimir Putin yaqinda Tuvadagi baliq ovida xavfsizlik texnikasini buzgani sababli mamlakat bosh prokurori Yuriy Chaykaga murojaat qildi, deb yozadi “Mk.ru”.
Lipetsk viloyat kengashi deputati Oleg Xomutinnikov o‘z Facebook’ida yozishicha, Kreml tarqatgan videoda u “dahshat”ni ko‘rgan: “…Vladimir Vladimirovichni umuman asrashmaydi — qayiqda nimchasiz suzmoqda. Bu albatta, mardlik, ammo tavakkalchilik. Xudo ko‘rsatmasin, unga bir nima qilsa, kim bularning barchasi uchun javob beradi?”
Deputat ta’kidlashicha, qutqaruv nimchasini kiymaslik Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksining 11.10 moddasiga zid bo‘lib, jismoniy shaxslar uchun 300 dan 500 rublgacha, yuridik shaxslar uchun 500 dan bir ming rublgacha jarima bilan jazolanadi.
“Prezident fotomodel emas-ku! Chiroyli kadr uchun uni suvga sho‘ng‘ishga, tog‘lar bo‘ylab sakrab yurishga majbur qilib bo‘lmaydi. Bizda hatto vitse-prezident lavozimi ham yo‘q. Biror narsa yuz bergan taqdirda mamlakatni topshiradigan odam yo‘q”, — deya o‘z xavotirini izohladi Xomutinnikov.
Izoh (0)