“Barselona” hujumchisi Neymarning Parij klubiga o‘tishi Ispaniya futbol ligasining qat’iy qarori sabab amalga oshmasligi mumkin. Bu haqda “Sport.es” tashkilot rahbari Xavyer Tebasga asoslanib ma’lumot berdi, deb yozdi “Chempionat”.
Bunda La liga rahbariyati Neymarning ko‘tarma summasi hisoblangan 222 million yevroni bekor qilish haqida qaror qabul qilishga yaqin. Bunga sabab qilib “Barselona” va Neymarning otasi o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ko‘rsatilgan.
2016-yil “Barselona” Neymarning otasiga 26 million yevro va’da qilgan bo‘lib, buning uchun futbolchi jamoasi bilan shartnomasini 2021-yilga qadar uzaytirishi kerak edi. “Barselona”ning istagi amalga oshgan bo‘lsa-da, klub Neymarning otasiga barcha pulni berishga shoshilayotgani yo‘q. Chunki braziliyalik hujumchi 2021-yilga qadar Kataloniya klubida o‘ynamasdan, Parijga ketish niyatida yuribdi. Agar Neymar jamoada ko‘rsatilgan muddatga qadar qolsa, futbolchining otasi barcha pullarini oladi, yo‘qsa, ish sudga qadar yetib boradi.
Bundan tashqari La liga rahbari Tebas “PSJ” qanday qilib moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzmay turib, Neymarga 222 million yevro to‘lab berishi mumkinligini tushunmayapti. Shu boisdan ham futbolchining transfer masalasi vaqtincha “muzlatildi”.
Bungacha “PSJ” hiyla yo‘li bilan Neymarni qo‘lga kiritishga urinayotgani aytilgandi. Ya’ni, feyr-pley qoidalaridan qochish maqsadadi Parij klubi xo‘jayinlari Neymarning qo‘liga 222 million berib, o‘z transferini o‘zi sotib olishi uchun zamin hozirlayotgan, keyinroq esa u olishi kerak bo‘lgan pulni “PSJ” emas, Qatar Sports Investments kompaniyasida hisobidan to‘lash rejalashtirilgandi.
Izoh (0)