O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi mamlakatda jismoniy shaxslar tomonidan o‘zini mudofaa qilish maqsadida o‘qotar va boshqa turdagi jamoatchilik uchun katta xavf tug‘diradigan qurollarning xarid qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligini bildirib o‘tdi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
“Qurol to‘g‘risida”gi qonunning muhokamasi munosabati bilan jamoatchilikdan kelib tushayotgan savol sharhlar doirasida IIV quyidagilarni aniqlashtirib o‘tdi.
Qonun loyihasidan ko‘zlangan maqsad fuqarolik, xizmat va jangovar qurol va o‘q-dori aylanmasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdir. Uning asosiy holatlari quyidagilardir:
- Qurol xarid qilish, olib yurish va qo‘llash huquqiga ega davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar kategoriyasini aniqlash;
- Turli davlat organlari va tashkilotlarining fuqarolarning hayotini va sog‘lig‘ini, mol-mulkini asrash, tabiatni va tabiiy resurslarni muhofaza qilish, qimmatbaho va xavfli yuklarni yoki maxsus xatlarni qo‘riqlash sohasidagi majburiyatlarini bajarish chog‘ida ma’lum turdagi qurollarni tasarruf qilishdagi vakolatlarini aniq ajratib berish. Bunda harbiy tuzilmalar, huquq-tartibot organlari va boshqa kuch qurilmalari, shuningdek, ayrim yuridik shaxslar nazarda tutiladi;
- Respublikada jamoat uchun yuqori tahdid keltirib chiqaradigan qurol turlarini (travmatik, plastik qurol, yuqori quvvatli pnevmatik va gaz quroli, radiofaol nurlanish qo‘llanadigan qurol, biologik omillar va h.k.) xarid qilishga taqiq o‘rnatish;
- Qurol aylanmasi sohasida faoliyat yuritishning litsenzion-ruxsatnoma tartibini o‘rnatish, shuningdek, vakolatli davlat organlarining bu sohadagi kompetensiyasini belgilash;
- Ishlab chiqariladigan va olib kiriladigan qurol-yarog‘ning majburiy sertifikatsiyasini tashkil etish, qurolni musodara qilishning konkret asoslarini aniqlash;
- O‘q-dori eksporti-importi, shuningdek, xalqaro kelishuvlarga muvofiq mamlakatda vaqtinchalik bo‘lib turgan diplomatik vakolatxonalar va chet el delegatsiyalari xavfsizligini ta’minlash maqsadida olib kiriladigan qurol aylanmasi tartibini belgilab berish.
Shunday ekan, jismoniy shaxslar tomonidan o‘zini mudofaa qilish maqsadida o‘qotar va boshqa turdagi jamoatchilik uchun katta xavf tug‘diradigan qurollarning xarid qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi, deb aniqlashtirib o‘tdi IIV.
Xususan, fuqarolar tomonidan mudofaa maqsadida ishlatilishiga ruxsat etiladigan qurollar orasida gaz ballonchalari, mexanik purkagichlar, yosh oqizuvchi moddalar solingan aerozol va boshqa uskunalar, shuningdek, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi ishlatishga ruxsat bergan elektroshok vositalari va uchqun zaryadlari kiradi.
Bunda keltirilgan mudofaa vositalarining fuqarolar tomonidan xarid qilinishi uchun IIV tomonidan tekshiruvlardan so‘ng beriladigan maxsus ruxsatnomalar talab etiladi.